“O‘zbekistonda izlanuvchan, o‘rganishga qiziqishi baland yoshlar juda ko‘p” — Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Manfred Huterer
GFR Federal kansleri tashrifi arafasida Germaniyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Manfred Hutererning OAVda intervyusi e’lon qilindi.
– Janob elchi, faoliyatingizni boshlaganingizga ko‘p vaqt bo‘lmadi va ayni shu pallada Germaniya kansleri Olaf Sholsning O‘zbekistonga uzoq kutilgan, tarixiy tashrifi amalga oshiriladi. Shu o‘rinda, kun tartibi haqida to‘xtalsak. Bundan tashqari, ikki tomonlama aloqalarimizning bugungi holati haqida fikrlaringiz qanday, qaysi yo‘nalishlarni ustuvor deb bilasiz?
– Darhaqiqat, ikki davlat hamkorligida yangi ufqlarni ocha oladigan ushbu tashrif faoliyatimning ilk oylarida amalga oshirilayotganidan juda xursandman. Germaniya kansleri Olaf Sholsning O‘zbekistonga tashrifi uning Markaziy Osiyo davlatlariga bo‘lgan birinchi safari hisoblanadi va shubhasiz, bu tashrif muhim ahamiyatga ega. Germaniya kansleri oxirgi marta O‘zbekistonga, umuman mintaqaga 22 yil avval tashrif buyurgan edi. Shuning o‘ziyoq mazkur tashrifning naqadar muhimligidan dalolat beradi. Shuningdek, Germaniya uchun O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo davlatlarining alohida ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Tashrif ikki tomonlama aloqalarimizni yanada rivojlanishiga qo‘shimcha turtki beradi. Kansler delegatsiyasi tarkibidan Germaniyaning yirik ishbilarmon doiralari vakillari ham o‘rin olgan. Bu esa tashrif doirasida iqtisodiy masalalarga alohida urg‘u berilishining belgisidir. Umuman olganda, siyosiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar batafsil muhokama qilinadi. Uchrashuvlarda salmoqli bitim va hujjatlar, jumladan, Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida migratsiyaga oid keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi kutilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishim kerakki, Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar bugungi kunda hali hech qachon ikki tomonlama munosabatlar tarixida bo‘lmagan darajadagi cho‘qqiga yetdi. O‘zbekiston o‘zini butun dunyo mamlakatlariga ochdi va barcha sohalardagi imkoniyatlari, salohiyatidan unumli foydalanish uchun yangi qadamlar qo‘ymoqda.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro savdo aylanmasi hajmini ko‘paytirish, investitsiyalar kiritish va birgalikda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, ilm-fan vakillari o‘rtasidagi almashuvni yanada rivojlantirish va xalqlarimizni yaqinlashtiruvchi qator jabhalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan ikki tomon manfaatdor.
– Bugungi kunda iqtisodiy aloqalar O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarining eng muhim qismidir. So‘nggi yillarda, ayniqsa, bu borada yuqori dinamika qayd etilmoqda. Siz buni qanday baholaysiz, umuman, O‘zbekistonning Germaniya uchun iqtisodiy va investitsiyaviy jozibadorligi qanday? Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar munosabati bilan O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishi, yaratilgan ishbilarmonlik muhiti Germaniya uchun qanday imkoniyatlar ochmoqda, deb o‘ylaysiz?
– So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston Hukumati tomonidan barcha sohalarda, jumladan iqtisodiy sohada ham qator islohotlar amalga oshirildi. Iqtisodiyotni liberallashtirish va bu boradagi holatlarni qaytadan tartibga solish, shaxsiy mulk huquqining daxlsizligi kabi yo‘nalishlar o‘z natijasini ko‘rsata boshladi.
O‘zbekiston iqtisodiyoti boshqa davlat iqtisodiyotlari bilan keng bir tarmoq ichiga birlashib ketdi, bu esa nemis iqtisodiyoti uchun juda ijobiy holat hisoblanadi. Kompaniyalarimiz diversifikatsiya qilingan sharoitda o‘z faoliyatini olib borish tarafdori. O‘zbekistonda mavjud nemis kapitali asosidagi kompaniyalarning ayrimlari bir necha yillar davomida bu yerda faoliyat yuritib, ko‘plab tovar va mahsulotlar ishlab chiqarmoqda, yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan foydalanmoqda. Biroq davlatlarimiz o‘rtasidagi salohiyat juda yuqori. Birgina tekstil va agrar sohadagi aloqalarni misol qiladigan bo‘lsak, foydalanilmagan katta salohiyat mavjudligini ko‘ramiz. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston modernizatsiya va juda to‘g‘ri islohotlar yo‘lidan bormoqda.
– Germaniyadagi o‘zbek diasporasi va O‘zbekistondagi etnik nemis diasporasi haqida gap borganda ushbu munosabatlarni qanday baholash mumkin. Umuman olganda, xalq diplomatiyasi, madaniyat, san’at, turizm va boshqa yo‘nalishlarda mamlakatlarimizning istiqbolini qanday baholaysiz?
– Bilasizmi, O‘zbekiston bozori Markaziy Osiyo bozoriga kirish darvozasi hisoblanadi va shu bilan birga ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi. Mamlakatingiz tabiiy resurslarga boy, turizm salohiyati juda yuqori, izlanuvchan, o‘rganishga qiziqishi baland yoshlaringiz juda ko‘p. Ushbu omillarning o‘ziyoq, yurtingizning kelajagiga ishora qiladi.
Yaqinda nemis diasporasining Toshkentdagi markazi ochilishida ishtirok etdim va bu ishlarning barchasini amalga oshirish O‘zbekiston hukumatining qo‘llab-quvvatlovisiz imkonsiz ekanligini tushundim. Bilamiz, nemislarning bu hududdagi, mintaqadagi tarixi kamida 50 yilni tashkil etadi. Hozirgi vaqtga qadar ular O‘zbekistonda yashab, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shib kelishgan.
Shu o‘rinda Germaniyaning Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va boshqa davlatlarda yashovchi nemis diasporalari bo‘yicha vakili Pavlik xonimning quyidagi so‘zlarini ta’kidlamoqchiman: "Diaspora siyosati bu tinchlik siyosati" deganidir. Men bu fikrga to‘liq qo‘shilaman, chunki hamma narsani siyosat yoki iqtisodiy rivojlanishga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Bu rivojlanish har doim madaniy va insonlar o‘rtasidagi aloqalar, almashinuvlarga borib taqaladi. Shunday ekan, madaniy aloqalarni doimiy rivojlantirib borishimiz kerak, chunki bu bizning umumiy munosabatlarimiz mustahkamligiga salmoqli hissa qo‘shadi.
– Markaziy Osiyo davlatlari orasida nemis tilini o‘rgatuvchi maktablar soni bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinda turadi. Umuman olganda, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik yildan-yilga yuksalib borayotganini kuzatyapmiz. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar haqda qanday fikrdasiz?
– Darhaqiqat, nemis tilini o‘rganuvchilar soni ko‘pligi juda quvonarli. Ushbu darajani ushlab qolish va rivojlantirish uchun yetarlicha ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, O‘zbekistonda 19 ta PASCH maktablari bor, ular "kelajak maktablari" hisoblanadi, bundan tashqari nemis tili diplomlarini beruvchi maktablar ham mavjud. Gyote instituti va Chet eldagi maktablar bo‘yicha markaziy idora faoliyat yuritadi. Shuningdek, O‘zbekiston va Germaniya universitetlari, jumladan, Myunxen texnika universiteti va Yangi O‘zbekiston universiteti o‘rtasida mustahkam aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasi o‘laroq, yosh o‘zbek olim va olimalari uchun qisqa va uzoq muddatli stipendiyalar joriy etilishi ko‘rib chiqilmoqda.
Yuqorida ta’kidlaganimdek, Germaniya va O‘zbekiston munosabatlari turli sohalarda muntazam sa’y-harakatlar asnosida yuqori o‘sish natijalarini qayd etmoqda.
Manba: “Dunyo” AA.