O‘zbekistonda koronavirusdan davolanayotgan 904 bemor qoldi, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:

– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus infeksiyasi aniqlangan 2046 fuqaro ro‘yxatga olingan. Bemorlarning 1133 nafari, ya’ni 55,5 foizi to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilgan. Respublika bo‘yicha yuqumli kasalliklar shifoxonalari hamda moslashtirilgan shifoxonalarda davolanayotgan 904 bemordan 10 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. Ushbu bemorlarning barchasi tibbiy nazorat ostiga olingan. Joylardagi bemorlarni davolash jarayonida malakali mutaxassis va olimlarning ishtiroki ta’minlangan. Viloyatlar va Toshkent shahri bilan telemuloqot, telemaslahatlashuv tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Karantin tadbirlari davom etyapti. Shaxsiy avtomobillarda harakatlanishga, uy atrofida sayr qilishga ruxsat berildi. Lekin siz o‘zingizda va yaqinlaringizda shamollash belgilarini sezsangiz, tana haroratining ko‘tarilishi, tomoq og‘rig‘i, yo‘tal kuzatilsa, zinhor ko‘chaga chiqmang. Boshqalarga kasallikni yuqtirib qo‘yishdan o‘zingizni saqlang. Zudlik bilan telefon orqali tibbiyot xodimlariga murojaat qiling va shifokorlarni uyingizga chaqiring.