O‘zbekistonda koronavirusni aniqlaydigan test tizimlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi xodimlari odamda koronavirus (COVID-19) bor-yo‘qligini aniqlashga yordam beruvchi mahalliy test tizimini ishlab chiqishdi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali xabar qildi.

Ayni paytda klinik sinovlar davom etmoqda.

Aprel oyi oxiriga qadar 50 mingta ana shunday test tizimini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

«Koronavirus diagnostika usullarini o‘zimizda ishlab chiqarish bo‘yicha olimlarimiz tomonidan diagnostika gidlari yaratildi va laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi. O‘zbekistonda mavjud qator dori-darmonlarning viruslarga qarshi ta’siri xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda o‘rganilmoqda va ularni O‘zbekistonda ishlab chiqarish tashkil etilmoqda», dedi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov.