O‘zbekistonda koronavirusga chalingan 1 bemorning ahvoli o‘ta og‘ir
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov O‘zbekistonda 1214 fuqaro koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar haqida rasmiy bayonot berdi:
— Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlar soni 1214 nafarni tashkil etdi. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 102 bemorning 27 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 2 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli nisbatan og‘ir va yana 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 100 bemordan 3 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.
Mamlakatimizda karantin tadbirlari davom etyapti. Hozirgi vaqtga kelib, 82 ming fuqaromiz karantin muddatini o‘tayapti. Ularning 22 mingdan ortiqrog‘i statsionar sharoitida, 60 mingdan ko‘prog‘i uy sharoitida karantinda turibdi. Bundan maqsad, ular orasida kasallikka chalinganlarni erta aniqlash, kasallik manbaini jilovlashdir. Kasallik manbalari ko‘paymasligi uchun siz uyda qoling, muloqotlardan cheklaning, muloqotga ehtiyoj tug‘ilsa, masofani saqlang va bu kabi muloqotlarni esda saqlab qoling, kerak bo‘lsa yozib yuring. Negaki, kasallik manbaini jilovlashda epidemiologik surishtiruv o‘ta muhim ahamiyatga ega.
Karantin tadbirlariga rioya etishimiz orqali epidemiologik barqarorlikni ta’minlashimiz mumkinligini yodingizdan chiqarmang. Dunyo hamjamiyatida vaziyat murakkablashib borayotgani, yurtdoshlarimiz orasida ham kasallikka chalinayotganlar ortayotganini ko‘ryapsiz. Shunday ekan, har biringiz hushyor bo‘ling!