O‘zbekistonda normativ-huquqiy hujjatlarning huquqiy maqomi qanday?
Normativ-huquqiy hujjatlar huquq manbalari tizimida alohida o‘ringa ega. Avvalo, u roman-german huquqiy tizim oilasiga mansub mamlakatlarda, jumladan, milliy huquqiy tizimimizda ham asosiy huquq manbasi hisoblanadi. Shuningdek, boshqa huquq manbalaridan farqli o‘laroq, u ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish uchun maxsus yaratilganligi bois, unga shunday xususiyatlar baxsh etilganki, buning natijasida u samarali huquq shakli sifatida namoyon bo‘lish uchun barcha imkoniyatlarga ega.
Normativ-huquqiy hujjat davlatning vakolatli organlari tomonidan o‘rnatiladigan yoki ma’qullanadigan huquqiy hujjatdir. Normativ-huquqiy hujjat, deganda davlat vakolatli organi yoki mansabdor shaxsning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan, umumiy majburiy tusdagi qoidalarni o‘rnatuvchi, o‘zgartiruvchi yoki bekor qiluvchi huquq ijodkorligi hujjati tushuniladi. O‘z navbatida, davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan chiqarilgan barcha huquqiy hujjatlar ham normativ-huquqiy hujjat bo‘la olmaydi. Faqatgina umumiy huquq va majburiyatlarni o‘rnatuvchi, o‘zgartiruvchi yoki bekor qiluvchi hujjatlargina normativ-huquqiy hujjat sifatida e’tirof etiladi.
Normativ-huquqiy hujjat tushunchasiga berilgan ta’riflarni tahlil qilish barobarida uning quyidagi xususiyatlarini ko‘rsatish mumkin:
- davlat nomidan qonunda belgilangan tartibda qabul qilinadi;
- vakolatli sub’yektlarning huquq ijodkorligi faoliyati mahsuli hisoblanadi;
- barcha uchun umummajburiy qoidalarni o‘rnatadi, o‘zgartiradi (takomillashtiradi) yoki bekor qiladi;
- maxsus protsessual tartibda amalga oshiriladi;
- muayyan hujjatlashtirilgan shaklga ega (qonun, farmon, qaror va boshqalar);
- muayyan turdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan;
- ularda huquqiy qoidaning mazmuni, ya’ni huquqiy munosabat ishtirokchilarining huquq va burchlari bayon etiladi;
- unda mustahkamlangan qoidalar bajarilmagan yoki buzilgan taqdirda muayyan huquqiy oqibatlar kelib chiqadi va qoida bo‘yicha davlatning majburlov kuchi ishga solinadi.
Shu o‘rinda boshqa huquq manbalariga nisbatan normativ-huquqiy hujjatlarning quyidagi afzal jihatlarini ko‘rsatib o‘tish mumkin:
Birinchidan, normativ-huquqiy hujjatlarni bayon etishning muayyan qoidalariga asoslanib yaratilganligi bois, ularda huquq normalari aniq ifoda etiladi. Bu esa o‘z navbatida, normativ-huquqiy hujjatlardagi qoidalarni turli ma’nolarda tushunishning oldini oladi va uning bir xil qo‘llanilishini ta’minlaydi. Aynan shu jihat huquqning rasman aniqlik xususiyatiga mos keladi.
Ikkinchidan, normativ-huquqiy hujjatlar birgalikda qonunchilikning yaxlit bir tizimini tashkil qiladi. Har bir normativ hujjat qonunchilikning iyerarxik tizimida o‘zining belgilangan o‘rniga ega bo‘lib, boshqa hujjatlar bilan birga muayyan munosabatlarni kompleks asosda tartibga solishga qaratilgan. Normativ-huquqiy hujjatlar huquqning muayyan sohasi doirasida qabul qilinadi. Bu esa zarur holatlarda tegishli normativ hujjatlarni izlab topishni osonlashtiradi. Huquq sohasi doirasidagi hujjatlar o‘rtasida bo‘shliq va ziddiyatlar bo‘lishining oldi olinadi. Normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu jihati huquqning tizimlilik xususiyatiga mos keladi.
Uchinchidan, normativ hujjatlarni boshqa huquq manbalaridan farqli o‘laroq tez va qisqa muddatlarda qabul qilish, o‘zgartirishlar kiritish yoki zarur holatlarda bekor qilish mumkin. Buning natijasida normativ-huquqiy hujjatlar boshqa huquq manbalariga nisbatan ijtimoiy taraqqiyotning ehtiyojlariga ko‘proq mos keladi. Normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu jihati tezkorlik, deb nomlanadi va u huquqning o‘zgaruvchanlik (dinamizm) xususiyatiga mos keladi.
Xulosa qilib aytganda tegishli o‘quv va ilmiy adabiyotlarda hamda qonunchilikda normativ-huquqiy hujjatlar tushunchasiga deyarli bir xil ta’rif berilganligi quvonarli hol. Aytish joizki, ushbu holat muayyan yuridik atama va terminlar yuzasidan huquqshunos olimlar o‘rtasida juda kam uchraydigan yakdillikka misoldir. Shu bois, biz ham normativ-huquqiy hujjatlar tushunchasi va huquq manbasining xususiyatlariga berilgan ta’rif va yondashuvlarni umumlashtirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Normativ-huquqiy hujjatlar qonun hujjatlaridir va ular O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari majmuini tashkil qiladi. Bugungi kunda norma ijodkorligi yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlar normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish orqali ularning huquqiy maqomini yanada aniqlashtirishga qaratilgan.
Dilfuza ABDULLAYeVA,
Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri vazifasini bajaruvchi.