O‘zbekistonda tadbirkor ayollarning biznesdagi ulushi qancha?
Bu savolga batafsil javobni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Qozog‘istonning «Kursiv» biznes-nashriga bergan intervyusida aytgan.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda tadbirkor ayollarning biznesdagi ulushi 39 foizni tashkil etmoqda.
«Tadbirkorlik tuzilmalariga rahbarlik qilayotgan tashabbuskor ayollar tufayli yangi korxonalar ochilib, ish o‘rinlari yaratilmoqda. Bu ayollar o‘zlari istiqomat qilayotgan hududlarni obodonlashtirishda, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Eng muhimi, ular o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan boshqa qizlar va ayollarga o‘rnak bo‘lyapti», degan Tanzila Norboyeva.
Senat raisining bildirishicha, shu sababli mamlakatning barcha hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashishni tashkil etish maqsadida ayollar tadbirkorligi markazlari tashkil etildi. Birgina 2021 yilning o‘zida 53,8 ming nafardan ortiq o‘zbekistonlik xotin-qizlar ularda turli kasb-hunarlarga o‘qitildi. Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 100,3 milliard so‘mdan ortiq (9,2 million dollar) kreditlar ajratildi. Mazkur chora-tadbirlar tufayli 34,5 ming nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlandi.
«Kreditlar, imtiyozlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashning boshqa ko‘rinishlari mamlakatimiz iqtisodiyotining jahon miqyosida rivojlanishiga qo‘shilayotgan hissadir. Boston Consulting Group ekspertlarining fikricha, agar tadbirkor ayollar soni biznesdagi erkaklar soniga tenglashsa, jahon yalpi ichki mahsuloti ikki barobar ortadi», deb qayd etgan Tanzila Norboyeva.