O‘zbekistonda “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinadimi?

Bu masala ertaga o‘tkazilishi belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 21-yalpi majlisida aniq bo‘ladi. Majlis kun tartibiga “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarning loyihalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Mazkur qonunlar, avvalo, jamiyatda ayollarning mavqeini oshirish, ularning davlat va jamiyat qurilishida faol ishtirokini ta’minlash, oilani mustahkamlash, shuningdek, har tomonlama sog‘lom farzandlarni voyaga yetkazishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

 O‘zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyati qurilishi, huquqiy demokratik davlat sifatida shakllanishida ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish eng muhim omildir. Biroq, shuni alohida ta’kidlash joizki, davlat boshqaruvida ayollarning salmog‘i yetarli emas. Bu esa o‘z navbatida salohiyatli ayollarning yetarli emasligidan emas, balki ularning orasida oiladagi muhitdan o‘zini ko‘rsata olmayotganidandir. Xotin-qizlarga barcha shart-sharoitlar yaratilgan bir paytda faol va tashabbuskor ayollar o‘z o‘rniga ega bo‘lishlari lozim deb bilamiz.

Yana bir muhim masala, ming afsuslar bo‘lsinkim, bu xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarning uchrab turishidir. Amaliyotda haqiqatan mazkur holatlarning guvohi bo‘lmoqdaman. Buning eng asosiy sabablari oilada tarbiyaga va ma’naviyatga e’tiborsizlik, ishsizlik kabi omillarga juda bog‘liq ekanligini kuzatdim.

Xususan, Samarqand viloyatida bugungi kunda 600 tadan ortiq oilada oila boshliqlari bo‘la turib, ichkilikka berilish oqibatida turmush o‘rtog‘i va bolalariga zo‘rovonlik va tazyiq o‘tkazayotgan erkaklarning borligi juda achinarli. Bunday holatlarni oldini olishning qonun normalari bilan mustahkamlanishi va aniq jazo choralarining qo‘llanilishi juda muhim ahamiyatga ega.

Chunki, oila xalqning qadriyatlari, urf-odatlarini o‘zida sinovdan o‘tkazadigan muqaddas maskan bo‘lib, yaxshilarini o‘z bag‘rida asrab-avaylab, kelajak avlodlariga yetkazadi. Bugungi muqaddas o‘zbek oilasi o‘zining chuqur ma’naviy-iqtisodiy poydevoriga ega. Biz bu poydevorni yanada mustahkamlash chora-tadbirlarini ko‘rishimiz lozim. Ma’naviyatsizlik, befarqlik, mas’uliyatsizlik va buzg‘unchilik kabi razolatlardan yoshlarimizni asrab, milliy, oltin qadriyatlarimizga asoslangan an’analarimizni, urf-odatlarimizni, ma’naviy merosimizni ular qalbiga jo qilishimiz darkor. Toki, bunday durdona qadriyatlarimiz kelajak avlodlarimiz hayotining ham mash’ala chirog‘i bo‘lib qolsin.

Gavhar Alimova,

Oliy Majlis Senati a’zosi.