O‘zbekistonda yil boshidan buyon necha kishi yong‘in qurboni bo‘lgan?

Joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida respublika hududida jami 7439 ta yong‘inlar qayd etilib, ushbu yong‘inlarda 76 nafar kishi halok bo‘lgan va 208 nafar kishi tan jarohati olgan. Bu haqda Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati xabar bermoqda.

Jami sodir bo‘lgan yong‘inlarning 68,7 foizi aholi yashash joylarida, 12,6 foizi tadbirkorlik sub’yektlari ob’yektlarida, 5,7 foizi transport vositalarida va 1,6 foizi davlat tasarrufidagi ob’yektlarida yuzaga kelgan.

Yong‘inlarning 37,9 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 30,4 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 12,2 foizi isitish pechlarining nosozligi yoki ulardan noto‘g‘ri foydalanish, 9,4 foizi bolalarning sho‘xligi va 4,1 foizi transport vositalaridan foydalanish va tuzilishi qoidalarining buzilishidan sodir bo‘lgan.