O‘zbekistonlik o‘qituvchi BMTning “Tinchlik elchisi” unvoni va oltin medalga sazovor bo‘ldi

Andijon davlat universiteti fakultetlararo jismoniy madaniyat va sport kafedrasi katta o‘qituvchisi, xalqaro toifadagi sport ustasi Shuhratbek Isaqov Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “Jamiyat oldidagi xizmatlari uchun” xalqaro oltin medal bilan taqdirlandi va tashkilotning “Tinchlik elchisi” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu unvon uning uzoq yillar davomida xalqaro miqyosda sportni rivojlantirish va xalqlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdim etildi.

Shuhratbek Isaqov o‘z vaqtida belbog‘li kurash sport turi bo‘yicha respublika va xalqaro miqyosdagi 50 dan ortiq musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, Osiyo chempioni, Jahon chempionati sovrindori, xalqaro toifadagi sport ustasi.

Shuhratbek Isaqov murabbiy sifatida uzoq yillardan buyon yoshlarga milliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan belbog‘li kurash sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Uning 100 nafardan ortiq shogirdlari Respublika chempionati va kuboklarida, xalqaro turnirlarda, 10 nafardan ortiq shogirdlari esa xalqaro musobaqalarda, Osiyo va Jahon chempionatlarida g‘olibi bo‘lgan.