O‘zbekistonning doimiy vakili BMT Bosh Assambleyasining 74-sessiyasi Umumiy munozaralar yalpi majlisida raislik qildi
2019 yilning 28 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi qarorgohida O‘zbekistonning doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov BMT Bosh Assambleyasining 74-sessiyasi Umumiy munozaralar yalpi majlisida raislik qildi. Bu haqida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
4 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasida O‘zbekiston ilk bor sessiya raisi o‘rinbosari lavozimiga saylangan va mazkur vazifada 74-sessiya yakunlanadigan 2020 yilning sentyabr oyigacha faoliyat yuritadi.
O‘zbekistonning BMT Bosh Assambleyasining 74-sessiyasi raisi o‘rinbosari lavozimiga saylanishi mamlakatimizning turli sohalardagi, jumladan Bosh Assambleya tomonidan Markaziy Osiyo bo‘yicha hamda ma’rifat va diniy bag‘rikenglik bo‘yicha tarixiy qarorlar qabul qilinishi, BMT shafeligida Orolbo‘yi uchun Ko‘psheriklikdagi Trast fond tashkil qilinishi bo‘yicha sa’y-harakatlarining xalqaro miqyosda tan olinishidan darak beradi.
O‘zA.