O‘zbekistonning eng yirik paxta terminalida yong‘in sodir bo‘ldi
O‘zbekistondagi eng yirik paxta terminalida yong‘in sodir bo‘ldi, jabrlanganlar yo‘q. Bu haqda 15 iyun kuni O‘zbekiston FVV axborot xizmati xabar berdi.
Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, 14 iyun kuni kech soat 18:40 Toshkent shahar yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tezkor navbatchilik shtabiga Sergeli tumanidagi paxta terminalida yong‘in vujudga kelganligi haqida xabar kelib tushgan. O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga soat 18:45 yetib borgan, yong‘in soat 21:30 da to‘liq bartaraf etilgan.
“Yong‘in maydoni 1500 kvadrat metrni tashkil etdi. Yong‘in sababli jabrlanganlar va vafot etganlar aniqlanmadi”, deyilmoqda FVVning telegram kanalida.
Ayni vaqtda yong‘in kelib chiqish sababi va ko‘rilgan zarar qiymati o‘rganilmoqda.
3,6 ming kvadrat metr maydonga ega Sergeli tumanidagi paxta terminali O‘zbekistondagi eng yirik terminal hisoblanadi. U bir vaqtning o‘zida 45 ming tonna paxta xomashyosini o‘zida sig‘dira oladi.