O‘zganing haqi buyurmaydi yoxud "uddaburonlar" qo‘lga tushdi

Keyingi yillarda chekka qishloq va tumanlar aholisini ham tabiiy gaz va yoqilg‘i manbalari bilan ta’minlashga asosiy vazifalardan biri sifatida qaralmoqda. Bu esa tegishli idoralar xodimlaridan katta mas’uliyatni talab etadi.

Shunga qaramay, bajarayotgan vazifasidan manfaat yo‘lida foydalanayotgan, "hamyonini xafa qilmaslik" uchun turli qing‘ir ishlarga qo‘l urayotgan kimsalar uchrab turibdi.

Jumladan, viloyat huquq-tartibot organlari hamkorligida “Samarqandshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limida o‘tkazilgan tadbirda tamagirlik holatlari aniqlandi.

Xususan, “Samarqandshahargaz” bo‘limi operatori, 1985 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Samarqand shahrida yashovchi B.O. mahalliy fuqaro A.A.ning tabiiy gaz iste’molidan mavjud 5 million so‘mlik qarzdorligini so‘ndirish evaziga 2,5 million so‘m berishini talab qilib, ushbu mablag‘ni olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

O‘z navbatida, B.O. aslida, ushbu fuqarodan olgan pul mablag‘ini voqea joyiga o‘zi bilan birga kelgan “Samarqandshahargaz” bo‘limi aholi iste’molchilari bilan ishlash operatori A.O‘.ga berishi lozimligi bo‘yicha ko‘rsatma bergan va mazkur holat tezkor tadbir davomida protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Hozirda fuqarolar B.O. hamda N.Y. larga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rejalashtirilmoqda.