O‘zi yuz kilo vaznda bo‘lgan shifokorga kim ishonadi?

Samarqandda 80 o‘rinli bolalar onkogematologiya bo‘limi ochilishi kutilmoqda. Aynan mazkur yo‘nalishdagi kasalliklar uchun bugungi kunda xorij shifoxonalariga murojaat qilish ko‘p uchramoqda.

Shuningdek, joriy yilda 100 o‘rinli bolalar reabilitatsiya bo‘limi tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan.

Bu raqamlar Samarqand viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, sohaga kiritilgan yangiliklar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-tur davomida aytildi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev jurnalistlarga birlamchi tibbiyotdagi yangiliklar, sohada keyingi yillarda amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning natijalari bo‘yicha ma’lumot berdi.

- Dunyo miqyosida aholining 70 foizi avval poliklinikaga murojaat qilsa, 30 foizi markaziy shifoxonalarga boradi, - dedi S.Zayniyev taqdimotni sharhlar ekan. - Afsuski, bizda bu raqamlar teskari tartibda ishlaydi. Maqsadimiz, xalqaro standartlarni o‘zimizda ham shakllantirish. Tabiiyki, bu mezonlarga erishish uchun birlamchi tibbiyot salohiyatini ko‘tarish, uni yangi tizim doirasida mukammal ishlashiga sharoit yaratishdan iborat. O‘zi 100 kilo vaznda bo‘lgan, zararli odatlari mavjud tibbiyot xodimi odamlarga qanday ibrat bo‘lishi mumkin.

Birlamchi tibbiyot kasallikka qarshi kurashdan ko‘ra, uning oldini olish bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak. Mazkur masala mamlakatimiz rahbarining qaror va farmonlarida o‘z aksini topdi va bugun Samarqand shahri, Ishtixon va Bulung‘ur tumanida tajriba tarzida birlamchi tibbiyotdagi o‘zgarishlar sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Tadbirda poliklinikalardagi D-med tizimi, laboratoriyalarning markazlashgani, tor mutaxassislarning markaziy poliklinikalarda faoliyat yuritishi sabablari haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

- Sir emas, ilgari markaziy shifoxonalar tashxis qo‘ymasdi, - dedi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Jiyanov. – Albatta, boshqa manzillardan tahlil talab etilardi. Chunki laboratoriyalarning aksari eskirgan, necha yildan beri yangilanmagan. Ayni kunlarda esa markaziy shifoxonalarga eng zamonaviy laboratoriya jihozlari keltirildi va foydlanilmoqda. Endi bemor poytaxtda davolanmoqchi bo‘lsa, shu tahlil javoblari elektron tizimda ko‘rinib turadi. Bemorning ortiqcha sarson bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Anjumanda shu kabi bir talay yangiliklar haqda ma’lumot berildi.