O‘zimizning noz-ne’matlarga nima yetsin yoki oltinga teng urug‘larimizni kim tiklaydi?

Prezidentimiz raisligida joriy yil 6 avgust kuni Jahon banki ishtirokida “Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mazkur bank tomonidan ajratilgan 500 million dollar kredit mablag‘larini o‘zlashtirish bo‘yicha shakllantirilgan loyihalar muhokama qilindi.

Jalb qilinayotgan mablag‘ning 87 million dollari qishloq xo‘jaligi sohasidagi 10 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi, 4 ta ixtisoslashgan markaz faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilashga ajratiladi. 70 million dollar ko‘chat yetkazib berish, fitosanitariya, geoaxborot va sertifikatlash xizmatlarini ko‘rsatadigan agroxizmat markazlarini tashkil etishga yo‘naltiriladi. Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish uchun berilayotgan 10 million dollar hisobiga yerlarning hosildorligi, tuproq tarkibi tahlili, zarur mineral o‘g‘itlar turi va miqdori, soliq, transport-logistika va mahsulotlar bozorlari haqida ma’lumotlar olish imkoni yaratiladi.

 Shuningdek, intensiv bog‘ maydonlarini kengaytirishga 65 million dollar sarflanib, buning hisobidan 10 viloyat, xususan, Samarqandda 300 gektar maydonda yangi usuldagi intensiv bog‘lar yaratiladi.

Bu vazifalarni bajarish uchun, albatta, sifatli mahalliy urug‘ va ilmiy tadqiqot muassasalarida tayyorlanadigan ko‘chatlarning o‘rni beqiyos. Xo‘sh, bizda hosildor ko‘chat tayyorlash va sifatli urug‘ yetishtirish ishlari qay ahvolda?

Bozorda

Yozning qaynoq pallasida bozorlarga kirgan kishining ko‘zi quvnaydi. Turfa xil meva-sabzavotlar, poliz mahsulotlari, quruq mevalar va hokazo. Ammo birorta bozordan o‘zimizning sinovdan o‘tgan mahalliy navdagi meva-sabzavotlarni topish qiyin. Ko‘rinishi, xaridorbopligi tufayli olma, nok va boshqa mevalar xorijdan keltirilgan. Hattoki, maqtanadigan quruq mevalarimiz, pista-bodom ham Eronu, Konibodomdan keltirilgan. Xullas, bozor aylanib, mahalliy urug‘dan yetishtirilgan mahsulotni topishimiz amrimahol. Oddiy bulg‘or qalampiridan achchiq kalampirgacha, sarimsoqpiyozdan oddiy piyozgacha, pomidordan bodringgacha chetdan keltirilgan urug‘niki chiqadi. O‘zimizning urug‘larimiz qani? Ular qayerda qoldi?

- O‘zbekistonda sabzavotchilik qadimiy tarmoq hisoblanadi, - deydi oqdaryolik Naim Ortiqov. – U paxtachilik, bog‘dorchilik bilan birga rivojlanib kelmoqda. Manbalarga qaraganda, O‘rta Osiyoda qovun 2000 yil ilgari, tarvuz, oshqovoq, bodring, piyoz, sabzi, qalampir, turp va boshqa sabzavotlar undan ham oldin ekilgan ekan. Birgina misol, xalq seleksiyasi tomonidan qovunning dunyoga mashhur navlari bizda yaratilgan. “Rizamat” navli mahalliy, xo‘raki uzumni aytmaysizmi? Samarqandning mashhur gulobi piyozlari, shaftolining ertapishar «Mayflever» navlari, Ishtixonda yetishtirilgan tilimi tilni yoradigan qovun navlari qani? Paxtachining «bo‘ri kalla»sini tumandan berida ko‘rmaysiz hozir. Axir o‘sha noz-ne’matlar bir paytlar xalqimizni dunyoga mashhur qilgan edi-ya.

- Nega shunday bo‘lyapti? – so‘raymiz suhbatdoshimizdan.

- Bularning bari urug‘ga borib taqaladi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, qariyb o‘ttiz yildan buyon urug‘chilikka e’tibor berilmadi. Bozorlarimizdagi narxlarning oshishi ham shundan. Urug‘ zo‘r bo‘lsa, mevasi ham a’lo bo‘ladi-da.

Tobelikdan qanday qutulish mumkin?

Yurtimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlarning dong‘i butun dunyoga taralgani rost. Hatto o‘zimizda bog‘bonu mirishkor, sohibkorlar tomonidan yetishtirilgan urug‘lardan olingan noz-ne’matlarning mazasi ham, sifati ham yuqoriligi ko‘p joylarda tan olingan. Zaminimizda yetishtirilgan urug‘larning unib chiqish energiyasi yuqoriligi bilan ajralib turishi ilmiy asoslangan.

O‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyati bo‘la turib, tom ma’noda oltinga teng urug‘larning xorijdan olib kelinishi, xalq tili bilan aytganda, bemaza urug‘ning ko‘payishiga, alal-oqibat narxlarning qimmatlashishiga sabab bo‘lmoqda. Gapimiz asosli bo‘lishi uchun qishloq xo‘jaligi vazirining bu haqdagi fikrini keltirmoqchimiz.

«Menga ayrim dehqonlar bu yil urug‘ tanqis bo‘ldi, olib kela olmayapmiz, de­yishyapti. Biz hozir Gollandiya, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Belgiya, Isroil, Rossiya kabi mamlakatlardan urug‘ olib kelyapmiz. Hisoblab chiqqanmiz, har yili qariyb 20 ming tonnadan ortiq sabzavot urug‘lari chet eldan keltiriladi. Bu asosan kartoshka urug‘i…»

Yana bir fakt. Urug‘chilikni rivojlantirish markazida bo‘lib o‘tgan bir yig‘ilishda qishloq xo‘jaligining muhim sohasi bo‘lgan sabzavot va poliz ekinlari urug‘chiligini rivojlantirishning bugungi holati talabga javob bermasligi aytib o‘tildi. Urug‘chilik fermer xo‘jaliklarining moddiy-texnika bazasi ma’nan eskirgan, malakali mutaxassislar yetishmaydi, mamlakatda yetishtirilayotgan urug‘larning ekin turlari, navlari va miqdori bo‘yicha yagona baza yo‘q va hokazo.

2018 yil 27 aprelda davlatimiz rahbari tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida urug‘chilik tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaror qabul qilindi. Unda qishloq xo‘jaligi va boshqa ekinlarning urug‘larini yetishtirish, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va sotish, shuningdek, nav va urug‘lik nazorati oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim omili hisoblanishi ta’kidlandi. Bu borada bir qator dolzarb vazifalar belgilab berildi. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida zamonaviy urug‘chilik klasterlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2019 yil 5 sentyabrda «O‘zbekiston Respub­likasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari e’lon qilindi. Hukumatning tegishli qaroriga binoan 6 viloyatda, jumladan, Samarqandda ham urug‘chilik klasterini tashkil etish belgilandi. Markazning hududiy boshqarmalari tashkil etildi.

Xo‘sh, ushbu boshqarmada ishlar qanday olib borilmoqda?

Ishimiz hali oldinda

- Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 sentyabrdagi qarori bilan viloyatda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi tizimini rivojlantirish bo‘yicha 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi, - deydi “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” davlat korxonasi viloyat boshqarmasi rahbari Zayniddin Nahalov. - Unga muvofiq, qishloq xo‘jaligi ekinlarining birlamchi urug‘chiligi va ko‘chatlarini tashkil etish uchun viloyatda 300 gektar sug‘oriladigan yer maydoni ajratiladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni urug‘lik bilan ta’minlash maqsadida tuman markazlarida urug‘lik materiallarini realizatsiya qilish shoxobchalarini qurish uchun yer maydoni beriladi.

Qarorga asosan  tumanlarda 5 ta “Elita urug‘chilik xo‘jaliklari”  mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etildi. Har bir  MChJda paxta, g‘alla, sabzavot ekinlari ekilib, jami 522,3 gektar maydonda parvarish qilinmoqda. Bugungi kunda elita xo‘jaliklarida g‘o‘zaning beshtadan yuqori avlodli navlari parvarish­lanyapti.

Kuzda ekilgan 3 gektar maydonga piyozning «Spanej» navidan onalik materiallar ekilib, 1 tonnadan ziyod sara urug‘ yig‘ishtirib olindi. Bu esa kelgusi yilda 625 gektar maydonni yuqori avlodli piyoz urug‘i bilan ta’minlaydi. Bundan tashqari, pomidor, bodring, sabzi, sholg‘om, turp, beda, makkajo‘xori, xashaki lavlagining yuqori avlodli urug‘lari yetishtirilmoqda.

Jomboy tumanida “Farboma selekt” ilmiy urug‘chilik fermer xo‘jaligida donli ekinlar seleksiyasi va birlamchi urug‘chilik yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda serhosil, unumdor bug‘doy va arpaning yangi navlarini ko‘paytirilmoqda. Ilmiy urug‘chilik fermer xo‘jaligida yaratilgan “Jasmina” navli g‘alla urug‘i bu yil viloyatimizda 10 ming gektardan ziyod maydonda ekilib, yuqori hosildorlikka erishildi. 2020 yil hosilidan yangi «Farboma» navidan har gektaridan 70-80 sentnergacha urug‘lik don olindi.

Raqobatbardosh navlar ko‘payadi

- Boshqarma sabzavot, poliz va boshqa ekinlar urug‘larini yetishtirish, qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va tayyorlashga alohida e’tibor qaratadi, - deydi sabzavotchilik va polizchilik urug‘chiligi bo‘limi boshlig‘i Elbek Murodov. - Biz uchun yangi tarmoq bo‘lganligi uchun respublikamizda mavjud sabzavot va poliz ekinlari urug‘lari kolleksiyasidan unumli foydalangan holda innovatsion texnologiyalarni joriy etish hisobiga urug‘chilikni tashkil etish hamda ichki bozorni ta’minlab, eksportbop urug‘larni yetkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Kelajakda sabzavot, poliz va boshqa ekinlar urug‘larini chetdan olib kelinishini to‘xtatib, raqobatbardosh mahalliy nav va duragayni ko‘paytirish tizimini shakllantiramiz.

Viloyatdagi elita urug‘chilik xo‘jalik­larida sabzavot, poliz va boshqa ekinlar urug‘larining unuvchanligini, sifatini aniqlash maqsadida mini laboratoriyalar tashkil etamiz.

“Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” faoliyatini sabzavotkor tumanlarda tubdan takomillashtirish maqsadida har bir tumanda urug‘chi sabzavotchi-agronom shtati joriy etiladi.

Xorijdan valyutaga olib kelinayotgan urug‘lar fermer xo‘jaliklari uchun qimmatga tushmoqda. Ayrim vaqtlari urug‘lik yetib kelishi ancha vaqtga kechikib, ekish muddati o‘tib ketmoqda. Ba’zan urug‘lik ekilgan g‘alla maydonlarni tovar donga topshirish  holatlari ham uchramoqda. Urug‘lik g‘allani dorilash, saralash, tozalash va saqlash sexlarida nazoratni kuchaytirmasak sifatli urug‘ olishimiz qiyin bo‘ladi.

Urug‘lik kartoshka importidan qanday foydalanish mumkin?

Bu borada Samarqand veterinariya meditsinasi instituti professori Ibrohim Ergashev respublikada kartoshka urug‘chiligi holati, muammolari, yechimlari va uni yaxshilash borasida o‘z takliflarini bildirdi:

- Respublika aholisining kartoshkaga bo‘lgan ehtiyojini yil davomida qondirish uchun 150 ming gektar maydonda kartoshka ekiladi. O‘rtacha hosildorlik bir gektar maydondan 180-200 sentnerni tashkil etib, 2,8-3 million tonna atrofida kartoshka yetishtiriladi. Ushbu maydonlarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlash uchun har yili 450 ming tonna kartoshka talab etiladi.

Hosildorlikni oshirish maqsadida res­publikaga har yili valyuta evaziga katta miqdorda urug‘lik kartoshka import qilinadi. Jumladan, 2017 yilda 22,3 ming tonna (15,2 million AQSh dollarlik), 2018 yilda 34,2 ming tonna (20,2 million AQSh dollarlik) urug‘lik kartoshka import qilingan bo‘lsa, 2019 yilda 12 ming tonna urug‘lik Belarus, Germaniya, Eron, Irlandiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Gollandiya, Pokiston, Rossiya, Turkiya, Fransiya kabi mamlakatlardan keltirilgan.

Hozirda kartoshka urug‘chiligi oldida bir qancha muammolar bor. Bu, birinchi navbatda mo‘’tadil iqlim ekini bo‘lgan kartoshkaning issiq iqlim sharoitida urug‘lik sifatining tez pasayishi bo‘lsa, ikkinchidan, birlamchi va ommaviy urug‘chilikning yetarlicha yo‘lga qo‘yilmaganligi bilan bog‘liq.

Mahalliy sharoitlarda birlamchi urug‘chilik talab darajasida tashkil etilmaganligi, bundan tashqari, agrotexnik talablarga to‘la rioya qilinmasligi kartoshkachilikning asosiy muammolaridan hisoblanadi.

Chetdan keltirilayotgan navlar assortimentining ko‘pligi va har bir navning biologik xususiyatlarini hisobga olgan holda agrotexnik tadbirlar qo‘llanilishi lozimligi fermerlar uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shuning uchun ham viloyatda boshlang‘ich va elita urug‘chilikni o‘zimizda yaratilgan navlar asosida tashkillashtirish, keltiriladigan navlarning sonini kamaytirib faqat sinovdan o‘tgan, viloyat tuproq, iqlim sharoitiga moslarini olib kelib, kartoshka hosildorligini oshirish va mahsulot sifatini yaxshilash lozim.

Jahonning ko‘pgina mamlakatlarida kartoshka urug‘chiligi virussiz asosda tashkil etilgan. Tadqiqotlarimizning ko‘rsatishicha, O‘zbekiston sharoitida bunday asosda yetishtirilgan elita hosildorligi odatdagi usulda yetishtirilgan elita urug‘lariga nisbatan 25-30 foiz yuqori hosil beradi.

Virussiz asosda kartoshka urug‘chiligini tashkillashtirish uchun biotexnologik laboratoriya, 1 gektar issiqxona, sog‘lomlashtirish laboratoriyasi uchun ba’zi asbob-­uskunalar, sun’iy ozuqa muhiti va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ish haqi uchun mablag‘ talab etiladi.

Prezidentimizning 2020 yil 6 maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida viloyatimizning Bulung‘ur, Jomboy, Toyloq, Samarqand va Urgut tumanlari xo‘jaliklarida urug‘lik kartoshka, jumladan, kartoshkaning superelita avlodini yetishtirishga ixtisoslashtirilgan hududlar sifatida Bulung‘ur tumanining Fozil Yo‘ldosh, Hamid Olimjon, Kildon, Navoiy va Maxsumov mahallalari belgilangan. 

Qaror ijrosini ta’minlashda, avvalo, virussiz kartoshka urug‘i yetishtirishga ixtisoslashgan xo‘jaliklarni sifatli material bilan ta’minlab, uchki meristema usulidagi laboratoriyalar tashkil etish lozim. Ikkinchidan, birlamchi va ommaviy urug‘chilik ishlarida ixtisoslashgan klaster va fermer xo‘jaliklarida malakali mutaxassislar bo‘lishi zarur. Uchinchidan, urug‘chilik xo‘jaliklarida davlat nav va urug‘ nazorati maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislar tomonidan o‘tkazilishi lozim. To‘rtinchidan, urug‘lik hujjatlarining takomillashtirilishi va ularga to‘liq rioya etilishi, uning sifati, dala agrotexnikasi bilan bevosita bog‘liqligi urug‘chilik uchun suvli, yuqori unumdor, almashlab ekishni va barcha texnologik jarayonlar sifatli o‘tkazilishini ta’minlovchi maydonlar ajratilishi zarur.

Importni kamaytirib, mahalliy navlarga e’tibor qilish zarur

Xidirali Botirov, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori:

- Hosil yuki, uning sifati, avvalo, uruqqa bevosita bog‘liqki, shu bois soha faoliyati «Urug‘chilik to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solingan. 

Afsuski, qonunda belgilangan mahalliy navlar genofondini saqlash, sifati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, almashlab ekishda urug‘lik uchun unumdor, joylashuvi qulay maydon uchun yetarli suv, oziq moddalar zaxirasini yaratish va malakali mutaxassislar bilan ta’minlashdek masalalar e’tibordan chetda qolgan.

To‘g‘ri, o‘tgan davrda chetdan ko‘plab navlarning kirib kelishi mahalliy navlarimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Sharoitimizga mos kelmasa-da, hozirga qadar hiyla mashaqqat va isrofgarchilik bilan dehqonlarimiz katta mablag‘ evaziga import urug‘lik olib ekmoqda. Fikrimcha, agrar sohada urug‘chilikni yanada yaxshilash uchun seleksiya yo‘li bilan yaratilgan navlarning birlamchi urug‘chiligiga e’tibor berish lozim.

Qolaversa, chetdan keltiriladigan navlarning o‘ta qimmatligi, sharoitga mos kelmasligi va keltirishdagi isrofini ham hisobga olish zarur. Mamlakatimizda yaratilgan mahalliy navlar genofondiga e’tibor qaratish va mahalliylashtirilgan yangi, serhosil hamda sifatli navlarni keng maydonlarda ekish zarur.

Shunday qilinsa dasturxonimizni mo‘l-ko‘l va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlabgina qolmasdan o‘z noz-ne’matlarimizni hech ikkilanmay chetga chiqarishni ko‘paytirishga erishishimiz mumkin.

Adham HAYITOV,

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

“Zarafshon” muxbirlari.