Oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchilarga amaliy yordam ko‘rsatiladi

Prezidentimizning joriy yil 9 sentyabrdagi “Respublika oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘laqonli ta’minlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyat hokimligining chora-tadbirlar rejasi belgilandi.

Endilikda mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish va ularni diversifikatsiya qilish, hududlarning mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslaridan unumli foydalanish asosida oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishning strategiya va modellari ishlab chiqiladi. Meva-sabzavot, go‘sht, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlovchi tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy va nomoliyaviy choralari – yangi vositalar va axborot tizimlarini yaratish, yuqori samara beruvchi yo‘nalishlardagi loyihalar amalga oshiriladi. Zamonaviy savdo va logistika markazlarini tashkil etish, mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarini jahon bozorlarida ilgari surish ularning raqobatdoshligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish hamda import hajmini kamaytirish choralari ko‘riladi. Hududlarning mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslarini hisobga olgan holda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ularni qayta ishlash bo‘yicha investitsion loyihalar tashabbuskorlarini aniqlash va loyihalarni ishga tushirish uchun doimiy amaliy yordam ko‘rsatiladi.