Ozon qatlamini himoya qilish masalalarini mutaxassislar 2020 yilda O‘zbekistonda muhokama qiladi

2020 yilda Toshkentda Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokolini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 26 aprel kuni Pekinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvda aytgan, deb xabar bermoqda minbar.uz.

Shuningdek, oktyabrda Nukusda Orolbo‘yida ekologik innovatsiya va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston BMT Bosh assambleyasiga Orol dengizi hududini "Ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi" sifatida e’lon qilishga doir maxsus rezolyusiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqadi.

Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokoli ozon qatlamini yemiruvchi bir qator kimyoviy moddalarni ishlab chiqarishdan olib tashlashga qaratilgan.

Agar protokolni imzolagan mamlakatlar kelajakda ham qo‘llab-quvvatlashsa, 2050 yilga borib ozon qatlami tiklanishi mumkin. BMT sobiq bosh kotibi Kofi Annan (1997-2006) ta’kidlaganidek, "eng muvaffaqiyatli yagona xalqaro kelishuv sifatida Monreal protokolini aytish mumkin".

O‘zbekiston Monreal protokolini 1993 yilda imzolagan.