Parijdagi masjidga noma’lum shaxs tomonidan hujum uyushtirildi
Kecha, yakshanba kuni kechqurun Parijning shimoliy-sharqida joylashgan masjid hududida qurollangan noma’lum shaxs tomonidan fuqaroga hujum uyushtirildi. Otishma oqibatida bir kishi jarohatlandi, deb xabar berdi BFMTV telekanali.
Manbaning telekanalga bergan ma’lumotiga ko‘ra, soat 20.00 (Toshkent vaqti bilan 00.00) atrofida noma’lum shaxs 19-okrugda joylashgan masjid hovlisiga kirgan va boshqa shaxsga qarata o‘q uzgan. Shundan so‘ng u motorollerga minib, noma’lum tomonga ketgan. Uning qayerdaligi noma’lumligicha qolmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, otishma vaqtida u mototsikllar uchun mo‘ljallangan himoya shlemida bo‘lgan. Shu sababdan uning yuzi ko‘rinmagan.
Ayni vaqtda jarohatlangan shaxsning hayotiga hech narsa xavf solmayapti. Fransiya huquqni himoya qilish idoralari xodimlarining fikricha, masjid hovlisida sodir bo‘lgan otishmaga ikkala shaxsning shaxsiy kelishmovchiligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.