Parrandachilik: Prezident Nurobod tumani tajribasini misol qilib keltirdi

Davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda xonaki tovuqlarni kooperatsiya asosida boqishni kengaytirish vazifasi qo‘yildi. Nurobod tumani tajribasi misol qilib keltirildi.

Ta’kidlanishicha, bir yil oldin ushbu tuman o‘zini tuxum bilan 50 foizga, parranda go‘shti bilan 40 foizga ta’minlangan.

Joriy yilda tumanning barcha mahallasiga lider tadbirkorlar inkubator tarqatib, aholi bilan birga parranda go‘shti va tuxum yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan.

Natijada, bugungi kunda ushbu tuman o‘zini tuxum va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash bilan birga, Samarqand shahri, Past Darg‘om va Kattaqo‘rg‘on tumanlariga oyiga 140 mingta tuxum yetkazib bermoqda.

Mazkur tajribani o‘zining tuxum va parranda go‘shtiga ehtiyojini qoplamaydigan 50 ta tumanning 200 ta mahallasida yo‘lga qo‘yiga topshiriq berildi. “Ushbu tuman hokimlari yil yakunigacha o‘zgarish qilmasa, xulosa jiddiy bo‘ladi”, dedi Prezident.

Ushbu mahallalar uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari asosida 200 million so‘mdan imtiyozli kreditlar ajratilishi, ushbu mablag‘lar hisobidan aholi jo‘jalar va ozuqa bilan ta’minlanishi belgilandi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.