Pashinyan Armanistondagi vaziyat yuzasidan Putin bilan maslahatlashmoqchi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga xat bilan murojaat qildi. Xatda u Kavkazorti Respublikasi chegaralaridagi vaziyatni hisobga olgan holda yordam ko‘rsatish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish muhimligini ta’kidladi. Ushbu xabar Armaniston TIV vazirligi saytida e’lon qilindi.

Rasmiy Yerevan o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun Armaniston Respublikasiga Moskva tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan yordam turi va miqdoriga aniqlik kiritish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

“Mamlakat chegarasiga harbiy harakatlarning yaqinlashishi, hududga tajovuz qilish holatlarini inobatga olgan holda, Bosh vazir Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari va 1997 yil 29 avgustdagi “Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam ko‘rsatish shartnomasi”ning 2-moddasiga asosan, Armaniston Respublikasi xavfsizligini ta’minlash uchun Rossiya Federatsiyasi ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yordam turini va miqdorini aniqlash maqsadida Rossiya Prezidentiga zudlik bilan maslahatlashish uchun murojaat qildi”, deb yozilgan Armaniston tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Bunga javoban Rossiya TIV agar to‘qnashuvlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Armaniston hududiga ko‘chsa, Moskva Yerevanga barcha kerakli yordamni berishga tayyorligini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyi oxirlarida Tog‘li Qorabog‘ hududidagi vaziyat ziddiyatli tus oldi. Ozarbayjon va Armaniston mudofaa vazirliklari bir-birini jangovar harakatlarni birinchi bo‘lib boshlaganlikda aybladi. Tog‘li Qorabog‘ hududida jangovar holat e’lon qilindi.