Past Darg‘omda “temir daftar”ga kiritilgan 3,5 ming oilaga bepul kartoshka, piyoz, sabzi va guruch beriladi

Bu haqda xalq deputatlari Past Darg‘om tumani Kengashining o‘n sakkizinchi sessiyasida aytildi.

Sessiyada dastlab tuman aholisini kuz-qish mavsumida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan tuman hokimining o‘rinbosari Oybek Murotqobilov axborot berdi.   

Ta’kidlandiki, tumanda go‘sht mahsulotlari iste’moli bir yilda aholi jon boshiga o‘rtacha 42,6 kilogramni tashkil etib, jami 15 ming 46 tonna go‘sht mahsulotlari talab etiladi. Shuningdek, tuxumga bo‘lgan yillik talab 76 million 300 ming donani, kartoshka 18 ming 366 tonnani, piyoz 7 ming 64 tonnani, sabzi 9 ming 183 tonnani, un mahsulotlari 27 ming 302 tonnani va o‘simlik yog‘i 1 ming 342 tonnani tashkil etadi.

Tumanda ishlab chiqarilmaydigan yoki qo‘shimcha boshqa hududlardan olib kelinadigan mahsulotlardan guruchga bo‘lgan yillik talab 3 ming 461 tonna, shakar mahsuloti 3 ming 885 tonnani tashkil etib, to‘liq tashqi bozorlardan ushbu talab qondiriladi.

Ushbu oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilish uchun mahalliy byudjet, bank krediti resurslari va tadbirkorlar mablag‘lari jalb etiladi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 oktyabrdagi qarori 5-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida "Temir daftar"ga kiritilgan ehtiyojmand aholiga 2020-2021 yil qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish choralari ko‘riladi. Buning uchun 2020 yil 3-chorak daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan sessiya qaroriga asosan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga o‘tkazilgan 1 milliard so‘m mablag‘ hisobidan “temir daftar”ga kiritilgan 3 ming 574 oilaga 133 kilogrammdan kartoshka, 18,2 kilogrammdan piyoz, 48 kilogrammdan sabzi, 24,3 kilogrammdan guruch zaxira qilinadi va kuz-qish mavsumida ularga tarqatiladi.

Past Darg‘om tumani hokimligi axborot xizmati.