Paxtachida faoliyat yuritayotgan qo‘shma korxonaning xorijiy ta’sischisi nufuzli mukofotni qo‘lga kiritdi
Paxtachi tumanida faoliyat yuritayotgan “Nath Bio Genes CA” qo‘shma korxonasining xorijiy ta’sischisi – “Nath Industries Ltd» kompaniyasi nufuzli “Export Excellence Award” mukofotini qo‘lga kiritdi.
Mukofot Hindiston hukumatining savdo va sanoat vaziri Anupriya Patel tomonidan “Nath Industries Ltd” rahbari Nandkishora Kaglivalaniga Mumbay shahrida topshirildi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarining gibrid urug‘larini Afrika va Osiyo davlatlariga yetkazib berish bilan shug‘ullanib kelayotgan “Nath Industries Ltd” (Hindiston) kompaniyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (hozir – Innovatsion rivojlanish agentligi) bilan hamkorlikda O‘zbekistonda “Nath Bio Genes CA” MChJ qo‘shma korxonasini tashkil etib, qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘larini tadqiq qilish, yetishtirish va sohaga innovatsion texnologiyalarni qo‘llash bilan shug‘ullanmoqda.
Shu kunga qadar qo‘shma korxona tomonidan paxta dalalariga g‘o‘za zararkunandalariga qarshi kurashda purkashni talab qilmaydigan BT texnologiyasi joriy qilindi. Shuningdek, kompaniya tomonidan urug‘likning unib chiqishida va genetik sofligini saqlashda samarali texnologiyalar ishlab chiqilgan. “Nath Bio Genes CA” MChJ ekin maydonlarida BT texnologiyasi bo‘yicha birinchi marotaba gibrid navlari parvarishlanmoqda.