Paxtachidan bong: “Suyultirilgan gaz berishganiga ikki oy bo‘ldi, gaz ta’minoti mutasaddilarining esa “va’dalar qopi” hamon bo‘shagani yo‘q”

Ochig‘ini aytsam, Samarqand viloyatida gaz ta’minoti sohasi mutasaddilarida mas’uliyat borligiga shubham bor. Viloyat hokimi tabiiy gazdan uzilgan joylarga suyultirilgan gaz yetkazib berish masalasida ularga qanchalik qat’iy topshiriqlar berganidan yaxshi xabardorman. Ammo gaz ta’minoti vakillari o‘z vazifasiga doimdigek munosabatda. Ayniqsa, Paxtachi tumanida.

Bizning Sardoba mahallamizga oxirgi marta 2 dekabr kuni suyultirilgan gaz kelgan edi. Mana, ikki oy bo‘lyapti shunga ham.

Hatto elektr energiyasi cheklov bilan berilayotgan shunday vaqtda suyultirilgan gazni ham eplab yetkazib berisholmayapti. Mutasaddilar bilan bog‘lansak, aniqlashtiramiz, degan so‘zdan nariga o‘tishmaydi. Aftidan, sohada tanish-bilishchilik ham tarqalib bo‘lgan, chunki tumanning suyultirilgan gaz o‘z vaqtida yetkazilmayotgan ayrim hududlarida alohida mashinada bir-ikki fuqaroga SUG berib ketilayotgani haqida aniq ma’lumotlar bor.

Xo‘p, qolganlar-chi? Mutasaddilardan bu holatga aniq izoh kutamiz. Viloyat gaz ta’minot mutasaddilari “Aniqlashtiramiz, surishtiramiz”, deb keyin telefonni ko‘tarmay qo‘yish kabi navbatchi holatlarga chek qo‘ysak, yaxshi bo‘lardi”.

G‘olib Abdusalomov,

jurnalist.