Paxtani tomchilatib sug‘orish uchun byudjetdan subsidiya ajratiladi

Hukumat qarori bilan "Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarning tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash tartibi to‘g‘risidagi Nizom" tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.

Qarorga muvofiq, har yili 1 aprelga qadar kelgusi yilda paxta yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha aniq ro‘yxat shakllantirilib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.

Nizomga ko‘ra, paxta yetishtiruvchilarning tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan maydonning har bir gektari uchun davlat byudjetidan bir martalik 8 million so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi. Mazkur subsidiya paxta yetishtiruvchilarning tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarini, shu jumladan ushbu maqsadga jalb etilgan kredit bo‘yicha qarzdorliklarini qoplashga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, har bir tumanda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha yakunlangan ishlarni foydalanishga qabul qilish uchun  qabul komissiyasi tuziladi.

Kaomissiyaning ijobiy xulosasini olgan hamda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun subsidiya olishga da’vogar paxta yetishtiruvchilar ro‘yxati har o‘n kunda ishchi guruhi tomonidan shakllantiriladi.

Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha 1 gektar maydonga 20 million so‘mdan oshgan qismi (kompensatsiya qilinmaydigan qismi) alohida tijorat krediti bilan rasmiylashtiriladi.