Payariqda o‘quvchilar o‘rtasida kelib chiqqan nizo tufayli ayrim o‘qituvchilarga "hayfsan" berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘quvchi qizning “samosud” qilingani aks etgan videoga viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, videodagi holat 8 may kuni Payariq tumanidagi 58-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgan. Maktabning 11 “B”-sinf o‘quvchilari R.N. va F.D. soat 09:55 da, tanaffus vaqtida o‘zaro tortishib, R.N. dugonasi D.F.ni turli xil so‘zlar bilan haqoratlagan va urgan.
Holat tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan.
Olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, o‘quvchilarni dars mashg‘ulotlarida nazoratsiz qoldirgani, o‘z lavozim majburiyatlarini to‘liq bajarmasdan sustkashlikka va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yganliklari uchun 58-umumiy o‘rta ta’lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi M.A.ga, 11“B”-sinf rahbari N.G‘., direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari X.A. va maktab psixologi N.A.ga nisbatan Mehnat kodeksining tegishli moddasiga asosan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Payariq tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.