Payariqda qotillik jinoyatini sodir etgan o‘qituvchilarga sud hukmi o‘qildi (video)
Jinoyat sodir etgan sobiq o‘qituvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli, deb topilib, har biri 18 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Viloyat sudi sudyasi T.Qodirov raisligida o‘tkazilgan ochiq sudda ikki o‘qituvchiga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Eslatib o‘tamiz, tergov organi tomonidan Payariq tumanidagi 40-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, tumanning Nakurt mahallasida yashagan S.A. hamkasbi, ammavachchasi B.X. bilan qasddan odam o‘ldirganlikda ayblangan.
Jinoyat ishidagi hujjatlarga ko‘ra, maktab o‘qituvchisi vazifasida ishlab kelib, hayotga qarshi jinoyatlar turkumiga kiruvchi - bir guruh shaxslar bilan bezorilik oqibatida o‘ta shafqatsizlik bilan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirishda ifodalangan, tasniflanishiga ko‘ra, o‘ta og‘ir jinoyatlarni quyidagi usul, vaqt va holatlarda qasddan sodir qilgan.
Jumladan, S.A. 2019 yil 23 oktyabr kuni 40-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, ya’ni ammavachchasi B.X. bilan o‘zlari yashab kelayotgan Payariq tumani, Nakurt mahallasi, Qo‘shilish qishlog‘ida yashovchi Sh.Ch.ning yashash uyida bo‘lgan to‘y marosimida spirtli ichimlik iste’mol qilgan.
Spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan bu ikkovlon soat 18:00 da uyga qaytayotgan vaqtida qishloq ichki yo‘li bo‘ylab Qo‘shrabot tumani, Quvkalla qishlog‘ida yashovchi, Payariq tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mudiri S.U. bilan kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida qasddan uni urib o‘ldirgan.
Sobiq o‘qituvchilarga nisbatan 2019 yil 24 oktyabr kuni qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.