Payariqda tadbirkorlarning 548,5 million so‘mlik mulkini o‘zlashtirgan firibgarlarning qilmishi fosh bo‘ldi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Payariq tuman bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Unda fuqaro T.M. va boshqalar tumandagi “D.” MChJ hamda “M.” oilaviy korxonasini boshqargan davrida Toshkent shahridagi “D.”va “P.” MChJlar hamda “E.” xususiy korxonasining 548,5 million so‘mlik mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari, shuningdek fuqaro Sh.ning ishonchiga kirib, uning nomiga yuqoridagi sub’yektlardan 171 million so‘mlik mebel jihozlarini qabul qilib olganligi to‘g‘risida hujjatlarni rasmiylashtirib, mahsulotlar sotuvidan tushgan naqd pul mablag‘larini bank muassasasiga topshirmasdan savdo qoidalarini buzganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.