Payariqda xonadonida giyohvandlik o‘simligini o‘stirgan 81 yoshli fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Samarqand viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Qoradori 2021” tezkor profilaktik tadbiri davomida Payariq tumani Eshimoqsoq qishlog‘ida yashovchi 81 yoshli A.Hayitning yashash uyi tomorqa qismi ko‘zdan kechirilganda, u yerda giyohvandlik o‘simligiga o‘xshash hamda agrotexnik ishlov berilib, parvarishlab kelinayotgan ekinlar mavjudligi aniqlanib, xolislar ishtirokida o‘simliklar hujjatlashtirilib olingan.

Fuqaro A.Hayitning uyidan rasmiylashtirib olingan 23 tup o‘simlik yuzasidan sud-kimyoviy ekspertiza tayinlangan bo‘lib, uning yakuniga ko‘ra mazkur o‘simlik tarkibida giyohvand modda opiy guruhi alkaloidlari morfin, kodein va tebain mavjud bo‘lib, bu o‘simliklar ko‘knori giyohvandlik o‘simligi ekanligi aniqlangan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Payariq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan AHayitga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 2-qismi “a” bandi (ilgari giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergov jarayonida aniqlanishicha A.Hayit muqaddam mazkur modda bilan sudlanganligi aniqlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.