Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat bo‘limi: Attestatsiyada pul, tanish-bilish aralashmaydi
Har yili pedagoglar attestatsiyasi arafasida turli gap-so‘zlar paydo bo‘ladi. Yaqinda bir maktabda o‘qituvchilar attestatsiya uchun 500 dollardan pul yig‘ayotgani qulog‘imizga chalindi. Hamon o‘qituvchilar orasida o‘z bilimiga ishonmasdan, attestatsiyadan qing‘ir yo‘llar bilan o‘tishga urinayotganlar yo‘q emas. Balki, kimlardir aldov yo‘li bilan o‘rtada pul ishlab olmoqchidir?
Xo‘sh, bu yilgi attestatsiya imtihoni qachon va qay tarzda o‘tkaziladi? Rostdan ham imtihonni “gaplashsa” bo‘ladimi? Shu kabi savollarga javob olish uchun ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolovga murojaat etdik.
- Samarqandda pedagoglar attestatsiyasi qachon o‘tkaziladi? Bu yil viloyatda qancha o‘qituvchi attestatsiyadan o‘tadi?
- Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi 572-sonli qaror va nizomi, ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining 2022 yil 9 martdagi 38-sonli bo‘yrug‘i asosida Samarqand viloyatidagi maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari va shu ta’lim turlari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatib kelayotgan nodavlat ta’lim muassasalarining oliy ma’lumotli pedagoglari attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Bu yilgi malaka toifasi uchun attestatsiya jarayonlarida ishtirok etishga jami 33 949 nafar talabgor onlayn tarzda murojaat qilgan. Ular 2022 yilning 25 martidan 20 aprelga qadar onlayn tarzda bo‘lib o‘tadigan test jarayonlarida ishtirok etadi.
- Eshitishimizcha, ayrim o‘qituvchilar attestatsiyadan o‘tish uchun kimlargadir pul berib, “gaplashayotgan” emish. Attestatsiya imtihonlari pullikmi?
- Nizomga asosan attestatsiyaning asosiy prinsiplari majburiylik, davriylik, oshkoralik, kengashib ish ko‘rish hamda xolislik hisoblanadi. Shuningdek, pedagoglarning ariza topshirishidan boshlab, imtihon jarayonlarida qatnashishi, sertifikatlarni olishgacha bo‘lgan davrning barchasida inson omili aralashuviga chek qo‘yilgan. Imtihon to‘liq onlayn rejimda bir martalik test asosida o‘tkaziladi. Imtihondan yaxshi natija ko‘rsatish faqat pedagogning o‘ziga bog‘liq. Albatta, buning uchun har bir pedagog o‘z fanini chuqur bilishi kerak.
- Attestatsiya savollari qanday tuzilgan?
- Attestatsiya savollari Respublika ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan ta’lim turlariga tegishliligi bo‘yicha vazirliklar tomonidan saralab olingan malakali testologlar va ekspertlar tomonidan tuziladi va ekspertiza qilinadi. Savollar aynan imtihon bo‘ladigan fanlardan olingan.
- Ijtimoiy tarmoqlardagi attestatsiya savollari va javoblari yozilgan matnlarga ishonsa bo‘ladimi?
- Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining tegishli bo‘limlari tomonidan attestatsiya savollarining maxfiyligi ta’minlanadi va ijtimoiy tarmoqlarda qo‘yilmaydi. Pedagoglarga o‘zlari dars berayotgan fanlardan darsliklarni qayta ko‘rib chiqish va chuqurroq o‘rganishlarini tavsiya qilamiz.
- O‘tgan yilgi attestatsiyadan bu yilgi imtihonlarning qanday farqi bor?
- Avvalo, pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonida talab qilinadigan hujjatlar soni to‘qqiztadan uchtaga qisqartirildi. Bu yil nafaqa yoshidagilar, ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga, 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifali pedagog kadrlarga imtiyozlar berilgan. Malaka toifasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bir pog‘ona oshirib beriladigan pedagoglar ro‘yxati shakllantirilgan.
O‘tgan yilgi attestatsiya jarayonlarida pedagoglar samaradorlik, pedagogik mahorat va malaka sinovining har biridan tegishli ballarni olishi lozim edi.
Bu yil pedagog kadrlar attestatsiyasi ikki bosqich bo‘yicha umumiy 100 ballik tizimda baholanadi. Ta’lim tashkilotlarining pedagogik (kuzatuv) kengashlari tomonidan pedagog kadrlarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi o‘rganiladi hamda baholash mezonlari asosida 20 ballik tizimda baholanadi.
Test sinovlari 40 ta savoldan iborat bo‘lib, har bir to‘g‘ri bajarilgan test savoliga 2 balldan, jami 80 ball beriladi.
Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.