Pensiya va nafaqalarni hisoblash qog‘ozdan raqamli tizimga o‘tkazildi

Bugungi kunda Samarqand viloyatida 413 614 nafar pensiya va nafaqa oluvchilar bo‘lib, ularning 306 089 nafarini yoshga doir pensiya oluvchilar tashkil etadi. Shuningdek, 36 725 nafar nogironlik, 21 377 nafari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilar hisoblanadi. Ijtimoiy nafaqa oluvchilar esa 47 170 nafarni tashkil qiladi.

Bu ma’lumotlar viloyat Matbuot uyida Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdujabbor Ne’matov ishtirokida bo‘lib o‘tgan anjumanda aytildi.

- Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 martdagi «Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risi»dagi qarori bilan “Kam ta’minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlash hamda ularga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi, - deydi A.Ne’matov. - Ayni kunda ushbu nizom talabiga ko‘ra viloyatimizdagi kam ta’minlangan oilalarni yagona reyestrga kiritish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, 2020 yil 1 noyabridan 2021 yil fevral oyigacha ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash to‘g‘risida 158 mingga yaqin ariza qabul qilindi. Ularning 49,6 foizi, ya’ni 78 408 nafar fuqaroning arizasi ijobiy hal etildi.

Joriy yilning mart oyida 155 038 nafar nafaqa va moddiy yordam oluvchilarga 60,2 million so‘m ijtimoiy nafaqa, 7,7 million so‘m kompensatsiya to‘lab berildi. Shuningdek, 2 yoshgacha bo‘lgan 68 288 nafar nafaqa oluvchiga 29,6 million so‘m, 68 488 nafar 14 yoshgacha nafaqa oluvchiga 16,9 million so‘m to‘lov moliyalashtirildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob olindi.

Dilmurod To‘xtayev.