Pishloq orasidagi tilla

1916 yil 6 martdan 7 martga o‘tar kechasi Gollandiyaning ikki turbinli paroxodi - «Tubantiya» Amsterdamni tark etib, Argentinaga – Buenos-Ayresga yo‘l oladi. Ko‘p o‘tmay kema nemislar torpedasi ta’qibiga uchrab, suvga g‘arq bo‘ladi.

280 yo‘lovchi va 80 kishidan iborat kema komandasi zaxira suv, yegulik va qimmatbaho buyumlarni olib shlyupkada jon saqlab qoladi. Yuklarni saqlab qolish haqida gap ham bo‘lmaydi, negaki ular sug‘urtalangan edi. Ikkinchidan, bu yuklar qayg‘urishga arzimaydigan edi: to‘qimachilik, idish-tovoq va 300 dona yumaloq golland pishlog‘i edi, xolos.

Ammo keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, «Tubantiya» oltin olib borayotgan ekan. Buni na yo‘lovchilar, na komanda, na ularning kapitani bilardi. Oltin quymalari kontrabanda bo‘lib, pishloq ichiga mohirlik bilan yashirilgandi. Ya’ni, 300 ta oltin quymasi pishloqlar orasiga joylashtirilgan bo‘lib, umumiy qiymati 2 million funt-sterlingni tashkil etardi.
«Tubantiya» g‘arq bo‘lgan joyga bir necha ekspeditsiya jo‘natiladi. Sirli jihati shundaki, ular kontrabanda yo‘li bilan olib ketilayotgan oltinni topishdimi-yo‘qmi, haligacha ma’lum emas...

T.Shomurodov tayyorladi.