Pnevmatik miltiqdan otilgan o‘qdan jarohatlangan qizning hayoti saqlab qolindi
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali shifokorlari pnevmatik miltiqdan otilgan o‘qdan jarohatlangan yakkabog‘lik 20 yoshli qizning hayoti asrab qolindi, deb xabar berdi Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘q bemor Ch.S.ning o‘ng yelkasidan kirib, ko‘krak qafasi o‘ng tomonidan o‘tib borib, o‘ng o‘pkaning yuqori bo‘lagini teshib o‘tib, yurakning perikard qavatida to‘xtagan. Murakkab tarzda kechgan jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlanib, o‘q olib tashlandi. Ayni paytda bemorning ahvoli qoniqarli.
Jarrohlik amaliyotini filialning malakali shifokorlari Olim Shomurodov, Sherbek Yaxshiboyev hamda O‘ral Shaminov amalga oshirdi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, 2020 yil 6 iyun kuni soat 21:00 atrofida Yakkabog‘ tumanida yashovchi fuqaro Q.S. o‘rtoqlari bilan birga Yakkabog‘ tumanida joylashgan fermer xo‘jaligining baliq yetishtiriladigan ko‘liga borib, u yerda pnevmatik miltiqdan ko‘ldagi o‘rdaklarni ovlash maqsadida o‘q uzgan, so‘ng spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holatda 50 metr uzoqlikdagi ko‘l bo‘yida joylashgan dala shiyponi oldida turgan. Unga oldindan tanish bo‘lmagan fuqaro Ch.S.ni miltiq durbinidan kuzatmoqchi bo‘lib, tepkini bosib yuborgan. Oqibatda miltiq o‘qi fuqaro Ch.S.ning o‘ng yelkasiga borib tekkan va unga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir shikast yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Q.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.