Pokistondagi teraktda 4 kishi halok bo‘ldi

Kecha, yakshanba kuni Pokiston janubi-g‘arbiy Balujiston viloyatida sodir bo‘lgan terakt oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi, 20 ga yaqin kishi yaralandi. Mahalliy hukumat ma’lumotiga ko‘ra, mototsiklli xudkush terrorchi politsiya mashinasini urib, viloyat markazi - Kvetta shahridan 25 kilometr janubda, Kvetta-Mastung yo‘lidagi nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida portlovchi moslamani portlatib yuborgan. Halok bo‘lganlarning barchasi chegarachilar. Ayrim yaralanganlarning ahvoli og‘ir, qurbonlar soni ortishi mumkin.

Hujum uchun javobgarlikni mamlakat shimoli-g‘arbida va Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarda faoliyat yurituvchi «Pokiston Tolibon harakati» o‘z zimmasiga oldi. U «Tolibon» bilan bog‘liq holda mamlakatda "Islomiy davlat" tuzish uchun kurashmoqda.

Gaz va minerallarga boy provinsiyaning mustaqilligi uchun kurash olib borayotgan balujilik separativ guruhlar faolligi tufayli yigirma yildan buyon Balujistonda keskinlik saqlanib qolmoqda.

Bu yerdagi xavfsizlik kuchlariga qilingan so‘nggi hujumlarning aksariyati «Baluj ozodlik armiyasi» va «Baluj ozodlik fronti» tomonidan amalga oshirilgan.

Eron va Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgan Balujiston Pokiston janubi-g‘arbiy qismidagi muhim viloyat bo‘lib, u yerda Xitoy Respublikasi «Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori»ga tegishli loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Bu loyihalarga ko‘ra, yo‘llar qurish, elektr stansiyalar va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga milliardlab dollar sarflandi.

So‘nggi yillarda Xitoy Arab dengizidagi Gvadar suvosti ishlari portini rivojlantirishda muhim rol o‘ynamoqda. Ammo bu yerda mehnat qilayotganlarga takror hujumlar uyushtirilyapti.

O‘tgan oy xudkush terrorchi xitoylik ishchilar ketayotgan mashina yonida bomba portlatib, yo‘l chetida o‘ynayotgan ikki pokistonlik bolaning umriga zomin bo‘ldi, port shahri Gvadarda Xitoy fuqarosi va yana ikki pokistonlik yaralandi. Shuningdek, o‘tgan oyda separatistlar Pokiston mustaqilligi kunida Kvetta shahridagi milliy bayroqlar do‘koniga qo‘lbola granata uloqtirishdi. Bir kishi halok bo‘ldi, to‘rt kishi yaralandi.