Pokistonning sobiq bosh vaziri Xon garov evaziga ozod qilindi
Sud garov evaziga ozod qilishga rozi bo‘lgan Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon ko‘p soatlik kutishdan so‘ng qo‘yib yuborildi, deb xabar bermoqda Pokistonning Dawn portali.
Juma kuni ertalab Islomobod Oliy sudi sudyalar hay’ati Xonni mamlakat byudjetiga zarar yetkazganligi sababli garov evaziga ozod qilish haqida qaror chiqargan edi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Xon va uning eng yaqin tarafdorlari Al-Qodir universitetini yaratish uchun qo‘shma jamg‘arma tashkil qilgan va bu mamlakat byudjetiga 170 million dollarga yaqin zarar yetkazgan.
Bir kun avval Pokiston Oliy sudi siyosatchiga zudlik bilan erkinlikni qaytarishi kerak deb hisoblab, hibsga olinishini noqonuniy deb topdi.
Pokistonning sobiq bosh vaziri 9 may kuni Islomobod sud zalida al-Qodir ishi bo‘yicha “korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni” sodir etganlikda gumonlanib hibsga olingan edi. Sud Xonni sakkiz sutkaga hibsda saqlashga qaror qilgach, mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi, huquq-tartibot idoralari xodimlari 2 mingdan ortiq odamni hibsga olgani ma’lum.