Pora bermagan farroshlar ishdan olindi(mi?)

U jinoiy maqsadini boshqa xodimning qo‘li bilan amalga oshirmoqchi edi. Ish joyidan ayrilgisi kelmagan ayollar esa shoshib qolishadi. Direktorning topshirig‘i, ish so‘rab keluvchilarning ko‘pligi foydasiga “xizmat qilayotgandi”.

To‘raqul Vafoyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) kollej direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi-yu, oyog‘i yerdan uzildi. Xodimlarni “tunash” yo‘llarini izlay boshladi. Tez orada jinoyatga sherik ham topildi. Kollej “komendanti” Orasta Qambarovani ishga soldi.

Farroshlarga maxsus kiyim-kechak kerakligini kollej direktori ham aytgan edi. Qolaversa, mahalla ayollari ish so‘rab kelyapti. “Qo‘shimcha xizmat”, “xarajat”dan qochmaymiz, deganlar ham bo‘ldi.

T.Vafoyevga aynan shu kerak emasmi? Ammo porani kimdan olishni yaxshi biladi. O‘z rejasi bor. O.Qambarovani xonasiga chaqirib, topshiriq berdi. Kiyim-kechak olish uchun besh nafar farroshdan 200 000 so‘mdan pul yig‘ib kelishini aytdi.

Bu direktorning topshirig‘i ekanini O.Qambarova ham bilgan. Chunki yig‘ilishlarda doim aytib kelinardi. Ammo “pul bermagan farrosh ishdan ketadi” degan so‘zni T.Vafoyevdan eshitib turibdi.

Shundoq ham kam maosh evaziga ishlovchi ayollar arzimas kiyim-kechak uchun 200 000 berishni istashmadi. O.Qambarovaga rad javobini berdi.

Tabiiyki, ishning bunday tus olishi rahbarga yoqmadi. Gapini ikki qilgan farroshlarni “qora ro‘yxatiga” yozdi. Shaxsiyatiga to‘g‘ri kelmaydigan so‘zlar bilan aybladi.

Xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarining bunday yo‘l tutishi qonunga zid edi. Shuni anglab yetgan ishchi-xodimlar huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishdi.

Tezkor ko‘rilgan chora-tadbirlardan so‘ng T.Vafoyev pora olish chog‘ida qo‘lga olindi. O‘z kasbiga, nomiga dog‘ tushirgan pedagog bugun qonun oldida javob bermoqda.

Akobir JO‘RAYeV,

iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tuman bo‘limi inspektori.