Poytaxtdagi yangi metro liniyasi qurilishidan zarar ko‘rgan tadbirkor manfaati himoyalandi
“TARLEPLAST” mas’uliyati cheklangan jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoniga Toshkent shahar hokimligidan unga yetkazilgan zararni undirib berishni so‘rab murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Toshkent shahrida yangi metro liniyasini qurilishi bo‘yicha olib borilgan ishlar davomida tadbirkorlik sub’yektiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’yektiga zarar yetkazilgan va uning mazkur zararni to‘lab berish haqida qilgan murojaatlari vakolatli idoralar tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan.
Murojaatni o‘rganish yakunlari bo‘yicha tegishli baholovchi idoraning xulosasi asosida tadbirkor manfaatini ko‘zlab Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Mazkur ishni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, sud tomonidan jamiyat foydasiga Toshkent shahar hokimligidan 181,6 million so‘m miqdorida zarar undirish haqida hal qiluv qarori chiqarilib, tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi.
B.Bobomurodov,
Biznes-ombudsmanning yetakchi inspektori.