Poyezdlarda chipta narxi 50 foizdan 100 foizgacha oshmoqda

Yo‘lovchi poyezdlar chipta narxlari 2018 yilda mahalliy yo‘nalishlarda, 2019 yilda yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdida qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lib, oxirgi 4-5 yil mobaynida tariflar o‘zgarishsiz qolib kelmoqda.

2019-2022 yillar va 2023 yilning 9 oyi davomida Respublikamizda ish haqi miqdori 2.4 barobarga, elektr energiyasi va yoqilg‘i narxlarining, logistika va transport xarajatlarining sezilarli darajada oshganligi, shuningdek, yo‘lovchi vagon parklarini yangilash, yangi poyezdlarni xarid qilish, temir yo‘l vokzallarini zamon talablariga mos ravishda saqlashni hisobga olgan holda chiptalar narxiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shu munosabat bilan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ yo‘lovchi tashish xo‘jaligidagi yo‘lovchi chiptalarni 2023 yilning 20 oktyabr sanasidan mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 50 foizga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari chiptalari to‘liq narxining 100 foizga oshirilishini ma’lum qiladi.

"Hurmatli yo‘lovchilar! Temir yo‘l xizmatlaridan foydalanayotganingiz uchun o‘z minnatdorligimizni bildiramiz hamda temir yo‘l sohasida olib borilayotgan islohotlarni to‘g‘ri qabul qilishingizni so‘raymiz!", - deb yozadi «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ axborot xizmati.