Press-tur: O‘zbekistondagi yagona markaz, Registondagi ilk SOS tugmasi, osoyishtalik qahramonlari
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi binosi kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Zamonaviy talablar asosida bunyod etilgan binodagi ilk katta tadbir tizimda ishlagan faxriylarni qutlash, bevaqt halok bo‘lgan xodimlar oilalariga e’tibor ko‘rsatish, viloyatdagi ommaviy axborot vositalari xodimlariga ushbu binodagi shart-sharoitlarni tanishtirish jarayoniga ulanib ketdi.
Binoga kirishingiz bilanoq xavfsiz turizm xizmati xodimlari uchun ajratilgan elektromobillar xizmatga shayligiga guvoh bo‘lasiz. Ichki ishlar tizimi xodimlariga qo‘yiladigan asosiy talab tartib va intizom bo‘lganidek, boshqarma hovlisidagi ekinu gullar ham shu tartib asosida parvarishlanganini ko‘rishingiz mumkin. Birorta ortiqcha daraxt shoxchasi yoki tartib bilan ekilgan gullarning sarg‘aygan bargi yo‘q. Xodimlar saflanishi uchun tashkil etilgan maydonni Amir Temurning salobatli byusti bezab turibdi. Uning yonginasidagi kichik bir hududda xotira burchagi tashkil etilgan.
Jinoyatchilar tig‘idan halok bo‘lganlar mudom yodda
Motamsaro ona monumenti yonida mustaqillik yillarida ichki ishlar tizimida ishlab, jinoyatchilar tig‘idan halok bo‘lgan xodimlar portretlari ilingan. Ular orasida hali o‘ttizni ham qoralamagan navqiron yigitlar ham borligi kishi qalbini larzaga keltiradi. Yurt osoyishtaligi, aholi xotirjamligi uchun jon bergan qahramonlar, degingiz keladi ular haqda.
- Turmush o‘rtog‘im jinoyatchilarni tutish payti halok bo‘lgani haqdagi xabarni eshitgan dahshatli kunni eslasam, haliyam qaltiroq bosadi, - deydi Toyloq tumanidan kelgan Xurshida Ismoilova. - Turmush o‘rtog‘im Ismatulla Ibodov o‘sha paytda o‘ttiz, men esa bor yo‘g‘i 24 yoshda edim. Ikki norasida qizim, hali tug‘ilmagan go‘dak bilan beva qoldim. Buning azobini so‘z bilan ifodalab berolmasam kerak. Qon-qarindoshlar, davlatimiz doim qo‘llab-quvvatlab turdi. Xizmat payti vafot etgan xodimlar farzandlari uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, hozir ikki qizim ham ichki ishlar tizimida faoliyat ko‘rsatayapti. Qizlarimning kamoli menga taskin beradi.
Xotira burchagida bolasini erta yo‘qotgan onalar, turmush o‘rtog‘idan ayrilgan rafiqalar, otasi diydoriga to‘ymay qolgan bolalar suratlarga tikiladi, poyiga gullar qo‘yadi. Bu ko‘zlarda mung bor, unutilmas xotiralar, achchiq alamlar bor.
Ayblanuvchilar uchun internet tarmog‘i
IIB binosining xizmat bo‘limlari bilan tanishish asnosida zamonaviylik, yuqori darajali texnologiyalar bilan ta’minlanganlikka guvoh bo‘ldik. Tergov bo‘limida ayblanuvchilar uchun tashkil etilgan «Huquq burchagi»da ayblanuvchilar o‘z haq huquqlari bayon etilgan adabiyotlar bilan tanishishlari, yirik ekranda esa internet xizmatidan foydalanishlari mumkin ekan.
Jinoyatlar 230 taga kamaydi
- Prezidentimizning 2017 yil 12 apreldagi “Ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma’muriy hududida qisqa vaqt ichida Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi, - deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik A.Toshpo‘latov. - Ushbu bino hozirgi zamon talablari asosida, rivojlangan davlatlarning binolari bilan raqobatlasha oladigan tarzda bunyod etildi.
Alohida qayd etish joizki, jinoyatchilikni jilovlash borasida olib borilayotgan samarali chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi choragi mobaynida umumiy jinoyatlar 230 taga yoki 28,15 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 186 taga yoki 34,5 foizga kamayishiga erishildi.
Registon maydoniga SOS tugmasi o‘rnatilgan
Samarqand shahrida respublikada yagona bo‘lgan “Situatsion markaz” viloyat ichki ishlar boshqarmasi Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi uchun qurilgan yangi binoda joylashgan.
- Ushbu tizimga bugungi kunda Samarqand shahridagi mavjud 4 mingdan ortiq video kuzatuv kameralaridan 1100 dan ortig‘i geoinformatsion tizimga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulangan, - deydi boshqarma matbuot xizmati rahbari Sh. Normatova. - Sodir etilgan jinoyatni issiq izidan ochish maqsadida tizimga barcha profilaktik hisobda turuvchi shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar kiritilgan.
Jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish maqsadida sinov tariqasida Registon maydoniga SOS tugmasi o‘rnatilgan.
Bugungi kunlarda mahalliy dasturchilarimiz tomonidan yaratilgan video tasvir orqali odam yuzini aniqlash tizimi integratsiya qilinib, sinov tariqasida Temir yo‘l vokzali, Aeroport, Registon maydoni, Siyob bozori, Ulug‘bek avtobekatiga o‘rnatilib, nazoratga olindi.
Shuningdek, tizim orqali yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashda kuch vositalarini boshqarish uchun shahrimizning asosiy kirib chiqish yo‘llari orqali o‘tuvchi transport oqimini aniqlash, to‘rtta chorrahada yo‘l harakati qoidalari buzilishini aniqlovchi tizim test rejimida ishlamoqda.
Ichki ishlar boshqarmasining o‘z studiyasi bor
Shuningdek, boshqarmada zamonaviy press markaz tashkil etilgani muxbirlar e’tiborini tortdi. Markaz nafaqat zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan, balki o‘z studiyasiga ham ega. Bu yerda har hafta «Jinoyat haqiqati va adolati» rubrikasi ostida ko‘rsatuvlar tashkil etiladi. Jinoyatlarning oldini olish, aholi ogohligini ta’minlashga qaratilgan ko‘rsatuvlar Samarqand televideniyesi orqali haftada uch marotaba efirga uzatilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Gulruh MO‘MINOVA.