Prezident non ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 noyabr kuni joriy yilda davlat byudjetiga tushumlar prognozi ijrosini ta’minlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Prezident bugungi kundagi yana bir dolzarb masalaga to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 oktyabrdagi qaroriga muvofiq don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlari joriy etildi.
15 oktyabrdan boshlab un va bug‘doyning narxlari erkinlashtirildi va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir nafaqa oluvchiga oyiga 50 ming so‘mdan kompensatsiya to‘lanmoqda.
Qolipli non bilan kafolatli ta’minlash uchun yetarli resurs zaxirasi yaratilib, un ishlab chikarishning oylik hajmi mamlakatimizda 122 mingdan 142 ming tonnaga oshirildi. Bugungi kunda Toshkent shahrida 1 kilogramm un birjada 2300-2400 so‘mdan sotilayotgan bo‘lsa, chakana savdoda qolipli non narxi 1500-1700 so‘mni tashkil qilmoqda.
Yig‘ilishda ayrim viloyatlarda nonning narxi nisbatan yuqoriligicha qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuning uchun, Toshkent shahri tajribasidan kelib chiqib, barcha viloyat, tuman va shahar hokimlariga unni birja savdosida sotilishidan boshlab, nonni chakana savdoda sotilishigacha bo‘lgan jarayonni har kuni tahlil qilib, aholining nonga bo‘lgan kunlik ehtiyojini to‘liq ta’minlab borish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.
Joylarda non ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish yuzasidan barcha imkoniyatlarni qo‘llash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga kompensatsiya pullarini o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bundan tashqari, tog‘li va olis hududlarda qish mavsumiga un va boshqa oziq-ovqat zaxirasi yaratish lozimligi qayd etildi.