«Prezidentimiz bizni Vatanimizga olib ketish uchun samolyot yuborganliklarini eshitib, hammamiz yig‘lab yubordik»
Qozog‘istonning Jambul viloyati Qo‘rday tumanida 20 aprel tongida yuz bergan avtobus avariyasi oqibatida O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi halok bo‘lgani, 13 nafari esa turli darajada tan jarohati olgani, tan jarohati olganlardan to‘qqiz nafari Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus samolyotida O‘zbekistonga olib kelingani haqida avval xabar berilgan edi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi jabrlanuvchilarning ahvoli haqida qo‘shimcha axborot berdi, deb yozmoqda Xushnudbek.uz.
«Biz maxsus aviabort bilan yetib borganimizda, qozog‘istonlik shifokorlar tomonidan jarohatlangan hamyurtlarimizga tezkor birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan edi. Shifokorlar guruhi FVV xodimlari bilan jarohatlanganlarni aviabortga chiqargach, bortning o‘zida ularning salomatligi qayta tekshiruvdan o‘tkazildi. Kerakli muolajalar zudlik bilan bajarildi. O‘zbekistonda bizni maxsus jihozlangan tez tibbiy yordam avtomashinalari kutib oldi va bemorlar zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yetkazildi», — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Kozim Mahkamov.
Ma’lum bo‘lishicha, jarohatlanganlar orasida qoraqalpog‘istonlik 34 yoshli O‘mirbek Hayitboyevning jarohati ancha og‘ir bo‘lgan. «Agar unga o‘z vaqtida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, hayoti xavf ostida qolayotgan edi. Shifokorlarning shoshilinch ravishda urinishlari natijasida O‘mirbekda murakkab jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Hozir bemor o‘zini yaxshi his qilmoqda», — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotida. Hozirda tan jarohati olganlardan yana uch nafari operatsiya stoliga olingan.
Vazirlik matbuot xizmati jabrlanuvchilarning so‘zlaridan ham iqtibos keltirgan. «Avariyadan ko‘pchiligimiz o‘zimizni yo‘qotib qo‘ydik. Chunki qattiq qo‘rqqan edik. Shunday paytda kimga xabar berish, kimdan yordam so‘rashni ham bilmay qolar ekansan. Shunda eshitdikki, Prezidentimiz bizni Vatanimizga olib ketish uchun samolyot yuborgan ekanlar. Buni eshitib, hammamiz yig‘lab yubordik», — deydi hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanayotgan qashqadaryolik Abbos O‘ljaboyev.