Prezidentning yuzlab hujjatlari bekor qilindi, 121 tasiga tuzatish kiritildi

Prezidentning 2020 yil 27 sentyabrdagi «O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi.

Adliya vazirligi tomonidan manfaatdor idoralar bilan birgalikda o‘tkazilgan xatlovda 2,5 mingga yaqin eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan normativ-huquqiy hujjatlar aniqlangan. Ular haddan tashqari tartibga solish yukini, byurokratik to‘siq va g‘ovlar, huquqni qo‘llash amaliyotida kolliziyalarni keltirib chiqarmoqda. Shu munosabat bilan:

- Prezidentning 1990–2018 yillarda qabul qilingan 498 ta hujjati (to‘liq yoki qisman) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi, 121 ta hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi;

 - xatlov natijasida aniqlangan hukumatning 2 mingdan ortiq shunday hujjatlari tanqidiy qayta ko‘rib chiqiladi hamda ularni bekor qilish bo‘yicha takliflar 2 oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Hujjatga muvofiq:

Birinchidan, individual va tashkiliy xususiyatiga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni farqlashning aniq mezonlari qonun darajasida belgilanadi. Bunda Oliy Majlis palatalari, Prezident, Vazirlar Mahkamasi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari nazarda tutilgan;

Ikkinchidan, yangi tahrirdagi qonun hujjatini qabul qilish o‘rniga yangi qonun hujjati qabul qilinadi va bir vaqtning o‘zida amaldagi qonun hujjati o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi. Avval qabul qilingan bunday qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tashkil etiladi;

Uchinchidan, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish, shuningdek tadbirlar o‘tkazishni tashkil etish yuzasidan qabul qilingan hujjatlari tegishli yil yakuni bo‘yicha o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi;

To‘rtinchidan, qonun hujjatlari bazasini xatlovdan o‘tkazish davom ettiriladi. Eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlar bekor qilinadi, tarqoq holda tartibga solinayotgan ijtimoiy munosabatlar tizimlashtiriladi.

NHH va ularning loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash mexanizmi takomillashtiriladi. Adliya vazirligi ushbu sohada maxsus vakolatli organ etib belgilandi. Uning markaziy tuzilmasida Tartibga solish ta’sirini baholash boshqarmasi tashkil etiladi. Shuningdek davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida mas’ul xodimlar belgilanadi. Mamlakatda tartibga solish ta’sirini baholash tizimining holati to‘g‘risida axborot har yili OAVda e’lon qilinadi hamda Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Tartibga solish ta’sirini baholash quyidagilardan foydalangan holda amalga oshiriladi:

• normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalidan – NHH loyihalariga nisbatan (ishlab chiquvchi organlar va tashkilotlarning majburiyatlari);

• huquqiy monitoring bo‘yicha elektron maydonchadan – amaldagi NHHlarga nisbatan;

• «Ye-Qaror» yagona elektron tizimidan – mahalliy davlat hokimiyati organlariga nisbatan.

Jamoatchilik muhokamasi, idoralararo kelishuv va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish bosqichlarida loyihaga muammo tahlili, uni hal etish yo‘llari, raqobatga ta’sirini baholash, yangi tartibga solish vositalarini joriy etishning ehtimoliy oqibatlarini prognozlash va baholash, shu jumladan fuqarolar va tadbirkorlar uchun foyda va xarajatlarni tahlil qilish nazarda tutilgan tahliliy materiallar ilova qilinadi.

2021 yil 1 fevralga qadar ilmiy darajalar olish uchun talabgorlarning ilmiy-tahliliy faoliyati natijasida ishlab chiqilgan takliflarni ommaviy onlayn axborot tizimida majburiy aks ettirish mexanizmi joriy etiladi. Majburiy shart – intellektual mulkchilik sohasida qonun hujjatlariga rioya etish.

Shuningdek quyidagi ikkita maydon modernizatsiya qilinadi:

a) regulation.gov.uz portali – unda quyidagilarga imkoniyat yaratuvchi «ochiq platforma» (open platform) ishga tushiriladi:

• jamoatchilik, biznes hamjamiyati, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik, qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarini amalga oshirish doirasida qayta aloqa mexanizmlarini joriy etish;

• davlat organlari va tashkilotlari bilan tematik onlayn uchrashuv va muhokamalar o‘tkazish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish;

• qonunchilik hujjatlarining huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sirini baholashda «kraudsorsing» imkoniyatlaridan foydalanish. Masalan, onlayn-so‘rovnomalar o‘tkazish;

b) Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi:

• 2021 yil 1 iyungacha barcha amaldagi Oliy Majlis palatalarining qarorlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining NHHlari bazaga kiritiladi. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlari tizimlashtiriladi, eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlar bekor qilinadi, hujjatlarni bazaga avtomatik tarzda joylashtirish mexanizmi joriy etiladi;

• baza foydalanish yanada qulay holatga keltiriladi. Xususan, NHH, o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi hujjatlar, shuningdek operativ, tashkiliy va boshqa tusdagi hujjatlar bir-biridan alohida joylashtiriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 28.09.2020 yildan kuchga kirdi.

 Oleg ZAMANOV.