Professor Boliviya universitetidagi fojia sabablarini aytib o‘tdi

Boliviya universitetidagi talabalar o‘limiga sabab bo‘lgan uchrashuv majburiy edi, ustozlar bo‘lgan voqea uchun javobgardir, dedi El-Alto universiteti professori Xulio Alvarado RIA Novostiga.

Fojia El-Alto universitetining beshinchi qavati maydonchasida bir guruh talabalar majlis oldidan to‘planganda yuz berdi. Talabalar o‘rtasida to‘qnashuv va janjal kelib chiqdi. Ur-yiqit oqibatida himoya panjarasi sindi va bir necha kishi 16,7 metr balandlikdan tushib ketdi, yetti kishi vafot etdi.

“Birinchi sabab - mas’uliyatsiz o‘qituvchilarning pandemiya paytida talabalarni jismoniy uchrashuvga chaqirgani va ularni qatnashishga majbur etganligi. Afsuski, Boliviyaning bir qator universitetlarida o‘qituvchilar hal qiluvchi kuchga ega, masalan, kim stipendiya oladi, kim olmaydi?, - deya tushuntirdi professor. - Boliviyada pandemiya sababli universitetlar ishlamayapti, ta’lim virtual shaklda olib borilayotgan bir paytda, talabalarni yig‘ish mas’uliyatsizlikdan boshqa narsa emas. Bundan tashqari, yig‘ilish akademik maqsadlar uchun emas edi. Talabalar ularni kim boshqarishini hal qilish uchun yig‘ilishdi”.

Shuningdek, “Fojiaga sabab - talabalar o‘rtasida nizo kelib chiqqani. Ba’zilar amaldagi o‘qituvchilarni himoya qilishga urinsa, boshqalar yetakchilik qilishni istaganlar tomon bo‘ldi”, deya voqeaga izoh berdi professor.

Alvarado chuqur qayg‘uda ekanligi va fojia universitetga aloqador har bir kishiga zarba bo‘lganini ta’kidladi.

G.Xoldorova tayyorladi.