Prokuratura tizimidagi maxsus unvonlar kimlarga beriladi?

Prokuratura organlari ham huquqni muhofaza qiluvchi idoralar toifasiga kiritilgan bo‘lib, tizim xodimlariga maxsus unvonlar berish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan 1992 yil 9 dekabrda tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi idoralari xodimlarining darajali maxsus unvonlari to‘g‘risida”gi Nizom qabul qilingan. Mazkur Nizom prokuratura idoralari xodimlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi ilmiy muassasalari va o‘quv yurtlari xodimlariga maxsus unvonlar belgilash va berish tartibini belgilaydi.

Nizomda maxsus unvonlarning darajalari toifasi ko‘rsatilgan.  Prokuratura idoralari va ularga tenglashtirilgan muassasalar xodimlariga egallab turgan vazifasi va mehnat ish stajidan kelib chiqib, quyi darajali maxsus unvonlar, yuqori darajali maxsus unvonlar va oliy darajali maxsus unvonlar beriladi.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga haqiqiy davlat adliya maslahatchisi, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosariga 1-darajali davlat adliya maslahatchisi, Bosh prokuror o‘rinbosarlariga 2-darajali davlat adliya maslahatchisi, Bosh prokuratura boshqarma va bo‘limlarining boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan boshqa prokurorlarga 3-darajali davlat adliya maslahatchisi unvoni berilishi mumkin. Bunda 1, 2, 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi unvonlarini egallab turish muddati belgilanmaydi.

Bosh prokurorning katta yordamchilari va maxsus topshiriqlar bo‘yicha yordamchilari, boshqarma va bo‘lim boshliqlarining o‘rinbosarlari, boshqarmalar tarkibidagi bo‘limlarning boshliqlari, ilmiy muassasa va o‘quv yurtining rahbari, Bosh prokuraturaning alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari o‘rinbosarlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar o‘rinbosarlariga – adliya katta maslahatchisi;

Bosh prokurorning yordamchilari, boshqarmalar tarkibiga kiruvchi bo‘limlar boshliqlari o‘rinbosarlari, boshqarma katta prokurorlari, alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchilari va katta tergovchilari, ilmiy muassasa va o‘quv yurti rahbarining o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari va sektor rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar boshqarma va bo‘limlarining boshliqlari hamda ularning o‘rinbosarlari, shahar, tuman va ularga tenglashtirilgan prokurorlarga – adliya maslahatchisi taqdim etilishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va ularga tenglashtirilgan prokurorlar yordamchilari, boshqarmalar va bo‘limlarning katta prokurorlari va prokurorlari, alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchilari va katta tergovchilari hamda o‘qituvchi va ilmiy xodimlari, shahar, tuman va ularga tenglashtirilgan prokurorlar o‘rinbosarlariga – adliya kichik maslahatchisi, shahar va tuman prokurorlarining yordamchilari, tergovchilari (darajali unvonga ega bo‘lgan muddatga bog‘liq tarzda)ga – 1-darjali yurist, prokuratura idoralarida ish o‘rganayotganlar, yosh mutaxassislar, mutaxassisligi bo‘lmagan shaxslar va yordamchi lavozimlarda ishlayotganlarga 2, 3-darajali yurist, kichik yurist unvoni berilishi mumkin.

Har bir darajali maxsus unvonni egallab turishning aniq muddatlari mavjud. Bu muddatlar kichik yuristga – 1 yil, 3-darajali yuristga - 2 yil, 2-darajali yuristga - 2,5 yil, 1-darajali yuristga - 3 yil, adliya kichik maslahatchisiga - 3 yil, adliya maslahatchisiga - 3,5 yil, adliya katta maslahatchisiga - 4 yil qilib belgilangan. Kichik yurist darajali maxsus unvoni attestatsiyadan o‘tgan va lavozimga tasdiqlangan yosh mutaxassislarga beriladi. Ish o‘rganish davrida alohida o‘rnak ko‘rsatgan yosh mutaxassislar 3-darajali yurist unvoniga taqdim qilinadi.

Nizomda maxsus unvonlarni kimlarga berish qat’iy belgilab qo‘yilgan. Haqiqiy Davlat adliya maslahatchisi, shuningdek 1, 2, 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi maxsus unvonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori 1, 2, 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi unvonini berish to‘g‘risidagi taqdimnoma bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat etish huquqiga ega.

Boshqa darajadagi maxsus unvonlarni Bosh prokuror beradi.

Prokuratura idoralarining ishlar boshqarmasida, moliya, moddiy-texnikaviy ta’minot tarmoqlarida ishlayotgan hamda attestatsiyaga daxli bo‘lmagan o‘zga xodimlar mehnatda alohida o‘rnak ko‘rsatganliklari uchun istisno tariqasida darajali unvonga taqdim etilishlari mumkin.

Prokuratura idoralariga huquqni muhofaza qilish idoralaridan va boshqa tashkilotlardan ishga o‘tgan xodimlarga tayinlangan lavozimiga, ularning bilimi va ish tajribasiga bog‘liq ravishda darajali maxsus unvonlar beriladi. Ayrim hollarda o‘z xizmat burchini namunali bajarganligi uchun xodimlarga darajali maxsus unvonlar muddat tugamasdan avval ham berilishi mumkin.

Prokuratura organlari idoralarining darajali maxsus unvonlarga ega bo‘lgan xodimlariga mansab okladlariga qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Prokuratura idoralarining darajali maxsus unvon berilgan xodimlari mazkur unvonga umrbod ega bo‘lib qoladilar. Lekin xodim o‘zini badnom qiladigan qilmishi uchun prokuratura idoralaridan bo‘shatilganda, darajali maxsus unvondan mahrum etilishi mumkin. Prokuratura idoralari xodimlari o‘z xizmat burchini qo‘pol ravishda buzgan holda yoki noloyiq xulq-atvori uchun uning unvoni pasaytirilishi ham nazarda tutilgan.

Prokuratura xodimlarini oliy darajali maxsus unvonlardan mahrum etish yoki ularning unvonini pasaytirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, boshqa unvonlardan mahrum etish yoki unvondan pasaytirish Bosh prokuror tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi tarkibiga kirgan Qurolli Kuchlarda qonunlarning ijrosini nazorat qiluvchi Harbiy prokuratura xodimlariga unvonlar berish alohida Nizom bilan tartibga solinadi.

Prokuratura xodimlariga maxsus darajali unvonlar berish ularning ishchanlik qobiliyatini yanada rivojlantirish, jamiyatda obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lish, uzoq yillik mehnati samaralarini ko‘rish, bilimi va tajribasini o‘z vazifasiga fido etish, asosiysi, qarindoshlari va yosh avlod uchun namuna maktabini o‘tashi lozim.

Ismatilla YO‘LDOShEV.