Putin Rossiya aholisini ommaviy ravishda bepul emlashga ko‘rsatma berdi

Prezident Vladimir Putin hukumatga davlat byudjeti hisobidan Rossiya aholisini to‘liq emlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Aholi uchun ushbu tadbir mutlaqo bepul bo‘ladi, deb yozadi Kreml rasmiy sayti.

Kuz va qishda grippga qarshi rossiyaliklarning 60 foizi emlanadi. Shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tganidan keyin koronavirusga qarshi emlash ham amalga oshiriladi.

Yana bir farmoyish tibbiyot xodimlari uchun mablag‘ ajratish haqida. 2021 yilgi federal byudjetini shakllantirish hamda 2022-2023 yilgi istiqbol rejasini belgilash davomida hukumat tibbiy tashkilotlarning dori-darmon, himoya vositalari, texnik jihozlar, dezinfeksiyalovchi va antiseptik, test tizimlari va boshqa tahlil qilish va o‘tkir respiratorli virusli infeksiyalarni davolash vositalariga ehtiyojlarini ham ko‘rib chiqishi lozim.

Koronavirusga chalingan bemorlar uchun esa 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumi uchun o‘rin fondi saqlab qolinadi.

Hukumatga COVID-19 va boshqa virusli xastaliklarni davolash uchun mamlakatda ishlab chiqarilayotgan dori-darmonlar bilan ta’minlash va yetkazib berishni nazorat qilish topshirildi.
Bundan avval epidemiolog, virus infeksiyalarining oldini olish va nazorat qilish sohasida ekspert Mixail Favorov koronavirusning ikkinchi to‘lqini oktyabr oyida kuzatilishini ma’lum qilgan edi. Uning ogohlantirishicha, rossiyaliklar yana ikki yil tibbiy niqoblarni taqib yurishga to‘g‘ri keladi.