Qachondan boshlab 8 mart kalendarda qizil bo‘lgan?
Xalqaro xotin-qizlar bayrami har yili butun dunyoda 8 mart kuni nishonlanadi. Uning bayram sifatida o‘tkazish g‘oyasi qachon paydo bo‘lgan?
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, birinchi marta uni o‘tkazish g‘oyasi XX asrning boshlarida paydo bo‘lgan. Amerika milliy sotsialistik partiyasining qaroriga binoan milliy ayollar kuni ilk bor 1909 yil 28 fevralda Amerika Qo‘shma Shtatlarida nishonlandi. AQShda ayollar kunini 1913 yilgacha fevralning so‘nggi yakshanbasida nishonlash davom etdi.
1910 yilda Daniyaning Kopengagen shahrida bo‘lib o‘tgan Sotsialistik internatsional yig‘ilishda ayollar huquqlari harakatini qayd etish va ularga umumiy saylov huquqiga erishishda yordam berish maqsadida Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlash taklif etildi. Ushbu taklifni konferensiyada 17 mamlakatdan ishtirok etgan 100 dan ortiq ayollar bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi, ammo kun uchun aniq sana belgilanmadi.
Xalqaro xotin-qizlar kuni birinchi marta 1911 yil 19 martda Avstriya, Germaniya, Daniya va Shveysariyada nishonlandi. O‘shanda mitingda 1 milliondan ortiq erkak va ayollar qatnashdi. Ovoz berish huquqi talabidan tashqari, ular ayollarga ishlash, kasb-hunar ta’limi, davlat lavozimlarida ishlash huquqi va ish joyidagi kamsitishlarga chek qo‘yishni talab qilishgan edi.
Sovet Ittifoqida 8 mart kuni har doim u yoki bu tarzda nishonlanib kelindi, lekin SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1965 yil 8 maydagi farmoni bilan bu kun rasmiy ravishda bayram sifatida nishonlana boshlandi.
Uzoq vaqt davomida SSSR 8 mart dam olish kuni bo‘lgan yagona Yevropa mamlakati bo‘lib qoldi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Xalqaro ayollar yili deb e’lon qilingan 1975 yildan beri BMT rasman 8 martni Xalqaro xotin-qizlar kuni sifatida nishonlashni boshladi.
Sovet Ittifoqi tugatilgach, 8 mart kuni MDHning aksariyat davlatida bayram sifatida keng nishonlanadi. Misol uchun, Tojikistonda mamlakat prezidentining tashabbusi bilan 2009 yildan buyon ushbu bayram - Onalar kuni deb nomlandi.
Turkmanistonda Xalqaro xotin-qizlar kuni 2008 yilgacha nishonlanmagan - ayollar bayrami 21 martga (bahorgi tengkunlik kuni) o‘tkazilib, Navro‘z, milliy bahor bayrami bilan birlashtirildi hamda Milliy bahor va ayollar kuni bayrami deb nomlandi. 2008 yil yanvar oyida Turkmaniston Prezidenti Mehnat kodeksiga o‘zgartish kiritdi va 8 mart bayramini qaytardi.
Gruziyada ham Xalqaro xotin-qizlar kuni - 8 martda, onalar kuni - 3 mart nishonlanadi.
Shuningdek, 8 mart – xotin-qizlar bayrami sifatida Angola, Gvineya-Bisau, Zambiya, Kambodja, Keniya, KNDR, Madagaskar, Mongoloiya, Uganda va Eritreyada nishonlanadi.
G.Xoldorova tayyorladi.