Qadimda odamlar mahsulotlarni qanday saqlashgan?
Ota-bobolarimiz oziq-ovqat mahsulotlarini saqlab qo‘yish uchun qanday texnologiyalardan foydalangan ekanlar va nima uchun ular bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib qolmoqda?Arxeologik topilmalar odamlar muzlatkichlar ixtiro qilinishidan ming yillar oldin zaxira saqlashning yangi usullarini ixtiro qilganlarini ko‘rsatdi.
Gulxan, qoqi va sovuqlik
Qadimgi odamlar qoziqda qovurilgan go‘sht ancha vaqtgacha yaxshi saqlanishini tezda anglab olgan va uni dudlab quritishni ham o‘rgangan. Qoqlangan va qovurilgan mahsulotlar tarkibida oz miqdorda suv qoladi, shu sababli ularda bakteriya va mog‘orlar rivojlanishda sekinlashadi.
Bu haqda Iordaniyada olib borilgan qazish ishlari tasdiqlaydi. 19 ming yildan oldingi davr qatlamlarda qoziq teshiklari bilan o‘ralgan jayron suyaklari va gulxan yoqilgan joylar topilgan. Olimlar go‘shtlar dudlab quritilgan o‘choqlar ustida oddiy tuzilmalar o‘rnatilganligiga amin.
Shimoliy xalqlar o‘z mintaqasining tabiiy sharoitlaridan to‘liq foydalana bilgan. Qadimgi saam (asosan Norvegiya, Shvetsiya, Finlandiya shimolida yashaydigan ugor-fin xalqlari gruppasiga mansub elat)lar bug‘ularni asosan kuz va qishda ovlagan va ularning go‘shtini tuzlangan, dudlangan yoki muzlatilgan holda maxsus qazilgan chuqurlarda saqlagan. Issiq hududlarda odamlar zaxiralarni chuqur g‘orlar va yerto‘lalarda saqlashgan.
Osh tuzi
Bugungi kunda insoniyat tuz ta’mini qachon tanib olib, undan oziq-ovqat mahsulotlarining saqlash muddatini uzaytirish uchun foydalana boshlaganini aniqlash mushkul. Natriy xlorid namlikni yaxshi singdiradi, ovqatga yoqimli ta’m qo‘shadi, shu sababli ham u tarixan yuqori baholanib kelingan. Go‘sht va baliqni tuzlash bilan bir vaqtda bu “ziravor” boshqa mahsulotlar (karam, bodring kabilar)ni ham tuzlab qo‘yish maqsadida ishlatilgan. Uy bekalari ko‘plab mahsulotlarning uzoq payt sarxil turishi uchun ularni ko‘p tuz sepilgan matoga o‘rab qo‘ygan.
O‘ra, yerto‘la va muzliklar
Sovuq mahsulotlarning tez buzilishiga yo‘l qo‘ymasligini tushunib olgan odamlar atrofdagi haroratni pasaytirish uchun har qanday vositalardan foydalanishgan. Dastlab, buning uchun ular shunchaki yerga chuqur teshik qazib, devorlarini loy bilan suvab qo‘yishgan. Keyinchalik ular katta yer osti omborlari va yerto‘laga aylantirilgan.
Ziravorlar
Nam iqlimli janub mamlakatlarida hatto yaxshi quritilgan go‘sht ham tezda ayniydi. Lekin odamlar uning saqlash muddatini uzaytirish uchun u yerda o‘sadigan ko‘p sonli ziravorlardan foydalanishni o‘zlashtirib olganlar.
Qadimgi hindular va misrliklar mahsulotlarga maydalangan zanjabil, kurkuma (sariq zanjabil) va qalampir aralashmasini sepib qo‘ygan, bu mahsulotning bir necha oy davomida saqlanishiga imkon beradi. Usul bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Arxeologlarning topilmalariga ko‘ra, murch, dolchin va boshqa ziravorlar Osiyo mamlakatlarida 4 ming yil oldin ham keng qo‘llanilgan. Antik davrda bu tabiiy konservantlar Gretsiyaga keltirilib, keyinchalik butun Yevropa bo‘ylab tarqalgan.
Sirka
Yana bir samarali konservant va ziravor – sirkaning tarixi 7 ming yildan oldin vaqtga borib taqaladi. Qadimgi Vavilon aholisi uni xurmo mevasidan olishni o‘rganganligi haqidagi ma’lumotlar mavjud. Bu sirka ziravor sifatida qadrlanib, undan go‘shtning saqlash muddatini uzaytirish uchun foydalanilgan.
Hozirgi vaqtda ziravorlar, osh tuzi va sirka yetishmovchiligi kuzatilmaydi, o‘ralar esa muzlatgichlar bilan almashtirildi. Shunday bo‘lsa-da, biz hali ham tuzlangan mahsulot va shirinliklar, dudlangan go‘sht va tuzlangan baliqlarni yaxshi ko‘rib iste’mol qilamiz, demak, biz hali ham qadimiy texnologiyalardan foydalanib kelyapmiz, desak xato qilmagan bo‘lamiz.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.