Qalamni kapkirga almashtirgan “Graf Monte-Kristo”

Asarlari jahon adabiyoti durdonalari qatoridan joy olgan yozuvchilarni daho ijodkor, zukko aql-zakovat egasi sifatida taniymiz. Ammo ularning badiiy ijoddan tashqari, boshqa buyuk xislatlar sohibi ham bo‘lganini bilmaymiz. Ulardan biri Aleksandr Dyuma.

U “Uch mushketyor”, “Graf Monte-Kristo” va yana to‘rt yuzga yaqin ajoyib romanlar yozish bilan bir qatorda jurnalist, dramaturg, publitsist, sayyoh va nihoyat ajoyib pazanda bo‘lgan.

Viktor Gyugo o‘z zamondoshi va do‘sti bo‘lgan Aleksandr Dyuma haqida shunday yozadi: “Unda talantdan ko‘ra, daholik yuksak edi”. Publitsist Oktav Lakrua esa qo‘shimcha qiladi: “Janob Dyuma do‘stlarining aytishicha, yozishdan toliqqanda qalamni kapkirga almashtirib, qozonga unnaganida butun Fransiyada undan mohir oshpazni topish qiyin edi”.

Rost, 1802 yilda tug‘ilgan fransuz zodagonining nabirasi va qora tanli qul avlodi bo‘lgan Aleksandr Dyuma yozuvchilik mahorati sharofati bilan tanilgan edi. Ammo u o‘zining “Katta pazandalik lug‘ati” kitobini badiiy ijod mahsuli bo‘lgan asarlardan ustun hisoblardi. Kitobda pazandalik mavzusida 800 ga yaqin novellalar o‘rin olgan.

1858-1859 yillarda Aleksandr Dyuma graf Kushulev-Bezborodka taklifi bilan to‘qqiz oydan ziyodroq vaqtini Rossiyada o‘tkazadi. Peterburg, Moskva, Karileyada bo‘ladi. Vaalam orolida, keyin Volga bo‘ylab Nijniy Novgorod, Qozon, Saratov, Saritsin va Astraxan orqali Kaspiy bo‘ylarida sayohat qiladi. Turli qushlar, hayvonlarni ovlaydi, nomdor oshxonalarda shirin taomlar tayyorlaydi. Bu haqda u o‘zining “Parijdan Astraxanga” kitobida batafsil yozadi.

Dyuma bundan tashqari, Shveysariya, Alp tog‘lari, Kavkaz mamlakatlari shahar va ovullarida bo‘lib, tabiatning go‘zal hayvonot va o‘simliklar olami, xalqlarning milliy pazandalik san’ati bilan tanishadi va ularni o‘z xotira kitoblariga kiritadi. 

1870 yilda Dyuma parijlik noshir Alfons Lemeruga umri davomida yozgan “Katta pazandalik lug‘ati”ni nashr uchun beradi. Qo‘lyozma ming varaqdan iborat bo‘lib, yozuvchi o‘limidan keyin bosilib chiqadi. Tanqidchilar kitobga yuqori baho berishadi: “Bu kitobni albatta o‘qish kerak, axir Dyuma o‘zining qadrdon kitobxonlariga hayotining eng zavqli damlarini vasiyat qilgan”.

T.Shomurodov tayyorladi.