Qamchiqda yana bir yuk mashinasi yo‘ldan chiqib ketdi

Joriy yilning 16 noyabr kuni soat 11:40 da “Qamchiq” navbatchilik maskani dispetcheriga Buxoro viloyati Kogon tumanida tug‘ilgan R.Sh. boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli yuk mashinasi A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining 248-kilometrida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi xandaqqa (kyuvetga) tushib ketganligi to‘g‘risidagi ma’lumot kelgan.

Buning oqibatida “Isuzu” yuk mashinasi ag‘darilib, mashina haydovchisi va yo‘lovchisiga o‘rta darajadagi tan jarohati yetgan. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur murojaat yuzasidan voqea joyiga “Rezak” navbatchilik maskani guruh komandiri, katta serjant A.Ergashev boshchiligidagi qutqaruv guruhi tezkorlik bilan yetib borgan. Qutqaruvchilar tomonidan “Isuzu” yuk mashinasi haydovchisi va yo‘lovchisi mashina ichidan chiqarib olinib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Shundan so‘ng jabrlanganlar Pop tumani markaziy shifoxonasiga yetkazilgan.