Qanday hollarda xodimning roziligidan qat’i nazar mehnat haqidan ushlab qolinadi?

Umumiy qoidaga ko‘ra, xodimning yozma roziligi bilan, bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda esa, sudning qaroriga asosan mehnat haqidan ushlab qolinishi mumkin, deb yozmoqda huquqiy axborot kanali.

Quyidagi hollarda xodimning roziligidan qat’i nazar, mehnat haqidan ushlab qolinadi:

- soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish uchun;

- sudning qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun;

- ish haqi hisobiga berilgan avansni ushlab qolish uchun, xo‘jalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga yoki boshqa joydagi ishga o‘tganligi uchun berilgan, sarf qilinmagan va vaqtida qaytarilmagan avansni ushlab qolish uchun hamda hisob-kitobdagi xatolar natijasida ortiqcha to‘langan summani qaytarib olish uchun;

- hisobidan xodim ta’til olib bo‘lgan ish yili tugamasdan turib mehnat shartnomasi bekor qilinganda, – ta’tilning ishlanmagan davrga tegishli kunlari uchun;

- ish beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun, agar yetkazilgan zararning miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqidan ortiq bo‘lmasa;

- intizomiy jazo sifatida qo‘llanilgan jarimani undirish uchun.

Ish haqini har gal to‘lash vaqtida ushlab qolinadigan haqning umumiy miqdori xodimga tegishli bo‘lgan mehnat haqining 50 foizidan ortib ketmasligi lozim.

Mazkur cheklov aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazo tayinlangan xodimning ish haqidan ushlab qolishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bunday hollarda jazo va aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlik uchun ushlab qolinadigan haqning miqdori yetmish foizdan ortib ketmasligi lozim.