Qarnabota g‘orida qanday sinoat yashiringan?
“Ziyovuddin tog‘larining janubiy yonbag‘rida yashovchi aholi orasida mevalarning toshga aylanib qolganligi haqida afsona bor. Ular Gunjak g‘oridagi (bu g‘or Qarnabning shimoli joylashgan) stalaktitlarni ayni afsonaning saqlanib qolgan yodgorligi deb hisoblashadi. Unga ko‘ra, Shaddod ismli podshoh o‘z gunohlarini yuvish uchun shu yerda sun’iy bog‘ yaratgan. Go‘yoki bog‘ning daraxtlari, barglari, gullari va mevalari chaqnab (yonib) turadigan va rangli toshlardan qilingan. Eski vaqtda yasalgan qimmatbaho toshlarni mahalliy zargarlar “Shaddod bog‘i”ning qoldiqlari deb hisoblaydi...”.
Bu qisqa ma’lumot 1956 yilda nashr etilgan “O‘rta Osiyoning geologik o‘rganish tarixiga oid bayonotlar” asarida keltirilgan. Ta’riflanayotgan g‘or Paxtachi tumanining Qarnabota qishlog‘idan 10 kilometr uzoqlikdagi To‘ritog‘ bag‘rida joylashgan. Turli manbalarda uni Gunjak, G‘ori Oshiqon, Qarnab Ato singari nomlar bilan atashadi va u bilan bog‘liq afsonayu rivoyatlar ham talaygina.
Zarnews.uz jamoasi yurtimizning hali to‘liq o‘rganilmagan, o‘ziga xos va betakror manzillari bo‘ylab ekspeditsiyasini davom ettiradi. Anglaganingizdek, navbatdagi manzilimiz sirli Qarnabota g‘ori.
Cho‘l o‘rtasidagi chaman
M37 avtomobil yo‘lidamiz. Yo‘l boshlovchi ilova Paxtachining Ziyovuddin shaharchasiga yetmasdan chapga burilishni buyurdi. Shu yo‘nalishda naqd 30 kilometr yursak, manzilga yetib boramiz. Qiziq tomoni, bir necha kilometrdan keyin aholi punkti tugaydi. Xayolan bepoyon cho‘lga kirib borayotgandek bo‘lasiz. Yon-atrofda biror jon, imorat yoki yashillik yo‘q.
Qarnabota qishlog‘i ikki – Qarnabota va Chashma mahallaridan tashkil topgan. Tumanning eng olis hududlaridan biri bo‘lib, Qarnab cho‘lining o‘rtasida joylashgan. Tuman markazi va qo‘shni Navoiy viloyatidan 35 kilometr, Nurobod tumanidagi Sahoba qishlog‘idan 30 kilometr masofada joylashgan.
— Qishlog‘imiz 3 ming yillik tarixga ega, - deydi Qarnabota mahallasi raisi Uchqun Begmatov. – Qishloqning o‘rtasida Qo‘rg‘ontepa yodgorligi joylashgan. Uni o‘rgangan olimlarning aytishicha, qadimda ota-bobolarimiz kunduzi chorvachiligu dehqonchilik qilib, kech tushganda shu qo‘rg‘onga kirishgan va dushmanlar, bosqinchilardan himoyalanishgan. O‘rta Osiyodagi eng birinchi masjid ham shu yerda qurilgan ekan. Mazkur masjid yodgorligini o‘rganish bo‘yicha ishlar boshlanish arafasida. Hududimizda boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklar ham ko‘p.
Albatta, Qarnab qishlog‘i juda qadimiy, tabiati og‘ir manzillardan biri. Uning tarixi Samarqand, Buxoro tarixidan kam emas. Bu haqda tarix sahifalarida ko‘plab asarlarni ko‘rsa bo‘ladi. Jumladan, Qarnab, uning tarixi, qishloq atrofidagi qadimgi qalay konlari, yer osti boyliklari, chorvachilikning ilg‘or tajribasi haqida o‘tgan asrning 50 yillarida olimlar, jumladan, filologiya fanlari doktori, professor N.Rajabovning "O‘zbek tilining qarnab shevasi" (S:1959 yil) mavzuidagi ilmiy ishi, P.M.Kulangiyev, S.A.Veysbmomlarning "Peredovoy karakulevodcheskiy kolxoz "Leninchi-chorvador” (T:1955 yil) asari, B.A.Litvinskiyning "K istorii dobichi olova v Uzbekistane" (T:1950 yil) kitoblarida ma’lumotlar keltirilgan.
Qarnab qishlog‘i Buxoro amirligi davrida Karmana bekligi tarkibiga kirgan aholi punkti bo‘lib, bu haqda ilmiy dalillar yetarli.
Yana bir manba: akademik B.Valixo‘jayev va professor B.O‘rinboyevning “Bobo Xudoydodi Vali” risolasida shayx Xudoydodi Vali (XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmida yashab, ijod qilgan tasavvuf shoiri, Vali bobo sifatida shuhrat qozongan)ning Qarnobda (Qishloqning asl nomi Qarnob bo‘lib, aholisi qarnobiy (qarnoblik) deb yuritilgan. Keyinchalik so‘z shakli biroz o‘zgarib, manzil “Qarnab” shaklida qo‘llangan, aholisi esa qarnabiy (qarnablik) deb atalgan) bo‘lganligi to‘g‘risida ma’lumot keltirilgan.
Unda keltirilishicha, shayx Qarnobga tashrif buyurib, bu yerdagi nohaqliklarni ko‘rib, achinadi. Bekning xalqqa qilgan zulm-sitamlaridan darg‘azab bo‘ladi. Qishloq oqsoqollari maslahatiga ko‘nib, qarnobliklarni bu mushkul ahvoldan qutqarish uchun Buxoroga boradi.
Shaharda qizg‘in davom etayotgan tantanali saylda ishtirok etadi. Keng maydonda bellashayotgan polvonlarni ko‘rib g‘ayrati jo‘shadi. Katta saylda yelkasi yerga tegmagan mashhur polvonni yiqitadi. El hurmatiga sazovor bo‘lgan Xudoydodi Valini huzuriga chaqirgan Buxoro hukmdori uni rag‘batlantirish maqsadida orzu-tilagini so‘raydi. Molu dunyo hirsidan uzoq, yaxshilik yo‘lida jonini ham ayamaydigan Xudoydodi Vali Qarnabdagi og‘ir vaziyatni, bekning zulmidan el ozor chekayotganini aytib, qo‘rg‘onda tartib o‘rnatilishini iltimos qiladi. Hukmdor g‘olib polvonning talabiga ko‘ra, Qarnab begini qattiq jazolaydi. Shu tariqa qishloqda adolat o‘rnatiladi.
Ayrim tarixchilarning ta’kidlashicha, qadimda bu qishloq savdogar va askarlar uchun muhim qo‘nalg‘a vazifasini o‘tagan. Balki biz u yerga transportda oson yetib borgandirmiz, lekin qadimda tuya yoki otda yo‘lga chiqqan ajdodlarimiz uchun bu qishloq cho‘l o‘rtasidagi chaman kabi bo‘lganiga shubha yo‘q.
Qarnab nafaqat o‘tmishi, balki hududidagi tabiiy boyliklari bilan ham e’tiborli. Qarnab atroflari o‘tgan asrning 1945 yilidan boshlab avval geologiya va minerologiya yo‘nalishida o‘rganilgan. 1957 yilda Qarnab ruda konlari ishga tushgan, cho‘l zonasida 100 dan ortiq qazilma boyliklari (kassiterit, arsenaperit, pirit, sfalerit, seritsit, turmalin, kaolin, xalkoperit, galenit, fmoorit, sirkon, sfen, rutil limanit va boshqa) zaxiralari borligi aniqlangan. Ruda konlaridagi qazishmalarda kvars materiallari, qora kulrang kvars bilan birga sfalerit topilgan.
Bugun Qarnabota qishlog‘ida 5600 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Qishloq vrachlik punktidan tashqari o‘z kichik shifoxonasi, 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, maktabi va hatto, musiqa maktabi bor. Hududda savdo va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlangan. Odamlari ham favqulodda ishbilarmon, asosiy daromadni chorvachilik, tadbirkorlik va konchilikdan qilishadi.
G‘orda Amir Olimxon nima qilgan?
G‘or xususida ko‘proq afsonayu rivoyatlar orqali ma’lumot olish mumkin. Ayrim manbalarda u Amir Temur nomi bilan bog‘lansa, boshqalari undan ham qadimgi voqealarni hikoya qiladi.
Jumladan, Nizomuddin Ibn Sadriddin Buxoriyning tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniy tomonidan tarjima qilingan “Qarnab oto g‘ori” risolasida by joy G‘ori Oshiqon va Maqomi Ma’suma deyilishi hazrati Muso alayhissalomning ummatlaridan biri Xoja Humoy G‘oriyning manzili ekanligi bilan bog‘lanadi. Unga ko‘ra Muso alayhissalom aynan shu yerda Allohning jamolini ko‘rgan.
Manbada “As’ad al-Buxoriydan rivoyat qilinadi, u Anas ibn Molik roziyallohu anhudan, u Rasul sallallohu alayhi vasallamdan, u Jabroil alayhissalomdanki, aytdi: "Turkiston diyorida bir joy bor. Bayt ul-Muqaddas, Ka’ba, Bayt ul-kirom, Masjidi Axzar, Turi Sinoni istisno qilganda, bu muborak joy har bir joyga nisbatan quyoshdan ham, oydan ham nurliroqdir, u G‘ori Oshiqon deb ataladi, barcha ustunlardan ustun va uning asli Tur tog‘idagi ikki g‘ordan biri bo‘lib, Qarnab Ato tomondadir”, deyiladi. Katta ehtimol bilan gap shu g‘or haqida ketmoqda.
Paxtachilik adabiyotshunos va tarixnavis Ismat Sanayev esa o‘zining “Qarnabota” kitobida bu yerlarni ulug‘ sarkarda Amir Temurning poyqadami bosilgan muborak zamin, deydi. Unda qayd etilishicha, Nizomiddin Shomiy Amir Musoning Amir Husayn tomoniga qochganligi va lashkar tortib Amir sohibqiron ustiga kelganligi xususida quyidagilarni bayon qilgan: "Amir Husayn (yuqorida aytilgan) ahvoldan xabardor bo‘lgach, Amir Muso, Uljoytu, Jahonshoh va Pulod Bug‘olarni jo‘natdi. Ular Tangi Chakchakka yetdilar. Qahlag‘a va Tangi Chakchak o‘rtasida kelib tushdilar. Jang tayyorgarligini ko‘rib, dushmanlik kamarini jon beliga bog‘laydilar. Ularning xabari Amir sohibqironga yetgach, kutilmaganda hujum qilish uchun o‘sha tomonga ravona bo‘ldi. Ulug‘lik egasi Tangri hazratiga tavakkal qilib, yog‘iyni izlab Yalg‘uzbog‘ yo‘lidan qor kechib Qarnobdan o‘tdi. Bir necha kishini yuqori yo‘ldan ayg‘oqchilik qilish uchun jo‘natdi. Ular borib yog‘iyni o‘rganib, dushmanlardan yigirma kishini ushladilar. Qo‘lga tushganlardan g‘animlar tunda Tangi Chakchakdan o‘tib, Jigdolikka tushganlarini bilib oldilar". (“Zafarnoma”. "O‘zbekiston". Toshkent, 1966, 61-bet).
Biz ekspeditsiya vaqtida g‘or haqida mahalliy aholidan ham so‘radik. Ular bobolaridan bu yerga Amir Olimxon kelgani va g‘or ichiga kirgani haqida eshitganini aytishdi. Shundan keyin ko‘p yillar aholi tog‘ tepasidagi tuynukdan g‘orga oziq-ovqat tushurib turgan ekan. Keyinchalik bu ishlar unut bo‘lgan. Amir Olimxon g‘orga nima sababdan kelgani va nega u yerga oziq-ovqat tushurib turilgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.
G‘or ichidagi bulut, tillarang devorlar...
G‘or tomon bepoyondek ko‘rinadigan kengliklarni kezib borasiz. Yo‘lingizni sel oqib o‘tgan “anhor”lar to‘sib, harakatni qiyinlashtiradi. 11 kilometr masofani bosib o‘tishimiz uchun transportda yarim soat sarfladik.
Odatda, g‘orlar og‘zi yonga qaragan bo‘lib, ularga kirish nisbatan qulay bo‘ladi. Biroq bu g‘orga o‘z vaqtida faqat tepadan, tog‘ ustidagi tuynukdan, arqon yordamida tushilgan ekan. O‘sha tuynukni ham mahalliy cho‘ponlardan boshqa odamning topishi amrimahol. Biz foydalangan, yon tomondagi kirish joyi esa keyinchalik sun’iy hosil qilingan. Bir necha yuz metrli ushbu tuynukni ochish oson bo‘lmagani aniq. Chunki undan o‘tib borarkanmiz, yo‘l toshni yo‘nish orqali ochilganiga guvoh bo‘ldik. Bu ish qachon va nega qilingani haqida ham ma’lumot yo‘q.
G‘orning ichi ancha keng. Tepadagi g‘ira-shira yorug‘lik o‘tkazadigan tuynukdan oqib tushgan suv asrlar davomida devorlarda o‘ziga xos naqshlar chizgan. Tomchilar yig‘ilishidan yuzaga kelgan suv yo‘lagi g‘orning zulmat qoplagan bag‘riga qarab ketadi. Qarnoblik keksalarning aytishicha, g‘or tubidagi bu ariqchadan ilgari qishin-yozin suv oqib turgan.
Fop shiftida osilgan sumalaksimon ohaklar o‘ziga xos bir joziba kashf etgan. Tabiatning bu g‘aroyib mo‘’jizasiga tikilar ekansiz, zulmat qa’rida bulutlar sizib yurgandek tuyuladi. Har bir tosh yorug‘lik shu’lalari ostida turlicha jilolanadi. Tillarang devorlar bu manzaraga ulug‘lik baxsh etadi.
G‘or ichidagi keng maydonda bir vaqtning o‘zida yuzlab odamni sig‘dirish mumkin. Uni o‘rganayotib, pastga qarab ketgan yana bir yo‘lakka ko‘zimiz tushdi. Biroz yurib bildikki, g‘orning asosiy qismidan 30 metrlar pastda yana bir o‘tish joyi bor. Bu biz uchun ham yangilik bo‘ldi. Sababi manbalarda g‘orning davomi borligi haqida aytilmagan. Odatda, g‘orlar qayerdadir tugaydi. Yaxshi o‘rganilmagan va oxiriga borilmagan bu kabi g‘orlar esa sanoqli. Qashqadaryodagi Tarag‘ay g‘origa uyushtirgan ekspeditsiyamizda ham shunday holatga duch kelgan edik.
Afsuski, g‘or ichiga qarab yurishni shu joyda to‘xtatishga majbur bo‘ldik. U yog‘i harakatlanish uchun xavfli, tavakkal qilish yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi aniq.
G‘ordaligimizda bir qiziq holatni payqadik. Tashqari salqin bo‘lsa, g‘or ichiga kirib borishimiz barobarida havo harorati ham ko‘tarilib bordi. Haroratdagi bu o‘zgarish biz oldin borgan g‘orlardagidan ancha yuqori. Katta ehtimol bilan jarayon g‘or tubida yashiringan sinoat bilan bog‘liq. Buyog‘i olimlarimiz e’tiboriga havola.
Ilmiy manba izlab...
Qarnabota manzili tarixiy hujjatlar, ilmiy maqolalarda ko‘p marotaba tilga olingan. Lekin ularning asosiy qismi hududdagi qazilma boyliklar va tarixiy yodgorliklar haqida.
Surishtiruvlar davomida geografiya fanlari nomzodi, dotsent Madi Abdujabborov Samarqand g‘orlari, xususan Qarnabota g‘ori bo‘yicha ilmiy izlanish olib borgani haqida xabar topdik. Afsuski, olim 1991 yilda, ilmiy ishini himoya qilishga sanoqli kunlar qolganida olamdan o‘tgan ekan. Samarqand davlat universitetining geografiya va ekologiya fakultetida faoliyat yuritgan domlaning ayni izlanishlari natijalari saqlab qolinmagan. Biz manba uning farzandlarida qolganligiga umid bog‘lab, olim yashagan mahallaga ham bordik. Samara bo‘lmadi.
Umuman, mavzu yuzasidan ko‘p joyga murojaat qildik. Samarqand arxeologiya instituti, Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakulteti, arxeologiya kafedralari professor-o‘qituvchilari jarayonda bizga yaqindan ko‘mak berdi. Shunga qaramay, topilgan ma’lumotlarning deyarli barchasi umumiy xarakterga ega bo‘lib, ularda asosan Zarafshon vodiysi haqida gapiriladi. Ayrim manbalarga ko‘ra, 1972-yilda mazkur g‘orga “Krasnogorsk” ekspeditsiyasi tashkil etilgan. Shu haqda mas’ullardan ma’lumot so‘rab yuborgan xatlarimiz ham natija bermadi.
Jarayonda topganlarimizni o‘rtaga tashlaymiz: Jumladan, Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakulteti dekani o‘rinbosari Elshod Eshmamatovdan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2012 yilning yozida O‘zbekiston Respublika Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining arxeologik guruhi Paxtachi tumani hududida qidiruv ishlarini olib borgan. Qarnab qishlog‘iga yaqin joydagi Chashma nomli qadimgi buloqning atrofida ibtidoiy odamlar yashashi uchun qulay joy bo‘lgan. Ammo bugungi kunda bu joylar tabiiy va antropogen ta’sirlar natijasida buzilgan. Shunday bo‘lsa-da, buloqning shimoliy chekkasida olib borilgan kuzatishlar natijasida qadimgi odamlar tomonidan ishlov berilgan tosh buyumlar topilgan. Undagi materiallar o‘rta paleolitga oid Qo‘tirbuloq manzilgohi komplekslariga o‘xshashligi aniq bo‘lgan.
Yana bir manbaa – 2015 yil Dilfuza Jo‘raqulova muallifligida chop etilgan “Zarafshon havzasining ibtidoiy davr tarixi” nomli o‘quv qo‘llanmada Zarafshon vodiysining jo‘g‘rofik joylashishi, geologik yotqiziqlari, paleoekologiyasi, xullas, tabiati va iqlim sharoitlari haqida qisman bo‘lsa-da, tushunchalar berib o‘tilgan. Biroq unda ham Qarnabota manzili va g‘ori haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti O‘zbekiston tarixi kafedrasi o‘qituvchisi Nargiza Yusupovaning 2022 yilda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo tarixining dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyadagi “Ziyovuddin vohasi tarixini o‘rganishga doir ayrim mulohazalar” nomli ma’ruzasida Zarafshon vohasining o‘rta qismida – Zarafshon daryosining chap sohilida joylashgan, janubiy tomonidan Qarnab cho‘li o‘rab olgan Ziyovuddin vohasi tilga olingan. Unda keltirilishicha, Ziyovuddin vohasi bag‘rida o‘rta poleolit davriga mansub Qo‘tirbuloq, Zirabuloq yodgorliklari mavjud. Mazkur qadimiy yodgorliklardan topilgan tosh qurollar, hayvonlarning suyaklari Ziyovuddin vohasining 100 ming yoshdan oshganini isbotlaydi. Paxtachi tuman markazidan (Ziyovuddin sh.) 30 kilometr janubdagi Qarnab (Qarnab ota) qishlog‘ining shimoli-sharqiy yo‘nalishida daradagi qoya toshda tog‘ takasining surati ishlangan. Uncha katta bo‘lmagan tosh ustiga chopayotgan yovvoyi tog‘ echkisining tasviri aniq o‘yib tushirilgan. Qoyatoshni birinchilardan bo‘lib o‘rgangan olim G.V.Shaskiy quyidagi fikrlarni bildirgan: “Chuqur bo‘rtirib, yuqori darajada tasvirlanish nuqtai-nazaridan hamda hayvonning jo‘shqin holatda turishi, qoya toshdagi suratni inson hayotidagi ovchilik davriga nisbat berishga imkon beradi. Ehtimol, bu tosh asri asaridir”.
Ma’ruzaning biz uchun eng qimmatli joyi: “Qishloqning shimoliy-g‘arbi qismidan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan Gunjak g‘oridan miloddan avvalgi III-II va milodning dastlabki asrlariga taalluqli xum, ko‘za qoldiqlarining topilishi, g‘orning chorvadorlar uchun maskan bo‘lganligini anglatadi. Qishloq atrofidagi Olloyor ota, Burisheq, Qirbuloq ota, Ho‘kizbaqirdi, Oqmozor ota va Tollik kabi manzilgohlar ham chorvadorlarning tabarruk maskanlariga aylangan”.
Bu biz g‘orni o‘rganish davomida eshitgan, undan o‘yib ishlash orqali tushirilgan qadimiy yozuv va suratli toshlarning olib ketilgani haqidagi gaplar haqiqatga yaqin ekanligini anglatadi. Afsuski, bir necha oyga cho‘zilgan izlanishlar davomida ham bu toshlar kim tomonidan olib ketilgani va qayerda saqlanishini aniqlab bo‘lmadi.
Xulosa qilib aytganda, Qarnabota g‘ori hali ham o‘z sir-sinoatini hech kimga ochmagan. Jamoamiz tomonidan amalga oshirilgan ekspeditsiya esa ko‘proq ijodiy safar hisoblanadi. O‘ylaymizki, vaqti kelib u o‘rganiladi va xalqimizning tarixi yana bir sahifa bilan to‘ldiriladi. Bu yurtimizning turizm salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega ekanligini eslatishga hojat yo‘q, deb o‘ylaymiz.
Anvar MUSTAFOQULOV,
Asqar BAROTOV,
Zarnews.uz muxbirlari.