Qarz berish uchun pul saqlaysizmi?
Yaqinda bir tadbirkorning uyida mehmon bo‘ldim. O‘ziga yarasha biznesi bor, birovga muhtojligi yo‘q. Lekin xonadoni oddiygina ortiqcha hasham kuzatilmaydi.
– Mablag‘ingiz bor ekan, nega uyingiz tomini qo‘shnilarnikidan balandroq ko‘tarmaysiz? – deb fikrini bilmoqchi bo‘ldim.
– Uyingizning balandligi sizning yaxshi amallaringizni bildirmaydi-ku, – dedi u gapimga hayron bo‘lib. Qolaversa, bu kibru havodan boshqa narsa emas. Eng yomoni, qasrdek uyingiz qo‘ni-qo‘shnilarning, yon-atrofdagilarning g‘ashini keltirishi, diliga ozor berishi mumkin.
Haqiqatan ham bugun ko‘pchiligimiz o‘z foydamizga qiladigan ishimizni bajarayotganda boshqalarning ko‘nglini hisobga olyapmizmi? Mablag‘imizni halol yo‘l bilan topayotgan ekanmiz, nega uni havoga sovurishimiz kerak? Bunday dabdabalarga ne hojat?
Bu tadbirkorni yaxshi taniydigan kishilar uning yana bir ibratli fazilatini aytishdi. U mahalladoshlari qarz so‘rab kelsa, quruq qaytarmas ekan. Ba’zan qarzga, ba’zida esa Alloh yo‘lida ehson ham qilib yuborarkan. Hatto, mana shunday holatlar uchun qo‘lida alohida mablag‘ ushlab turarkan.
Kamtarlik va oddiylikka dinimizda ham alohida urg‘u beriladi. Payg‘ambarimiz alayhissalomning, xalifalaru sahobalarning hayoti bunga yorqin misoldir. Xalifa Umar roziyallohu anhu minbarda turib, “Meni tinglanglar va menga itoat qilinglar!” dedilar.
U zotning gapi og‘zidan chiqar-chiqmas, “Seni tinglash ham yo‘q, senga itoat qilish ham yo‘q!” dedi bir kishi.
– Nima uchun? – dedilar Umar roziyallohu anhu.
– Nega ikkita kiyim kiyib olding? Bittasi ortiqcha, uni qayerdan olding?!” – dedi boyagi odam.
Shunda Umar roziyallohu anhu o‘z o‘g‘illariga qarab, “Ey Abdulloh, javob ber endi!” dedilar.
– Birodarlar! Otamning o‘z kiyimi yupun bo‘lgani uchun jumaga men o‘z kiyimimni berib turgan edim, – dedi u.
Shunda haligi odam hazrati Umarga “Endi gapiraver, ham eshitamiz, ham itoat qilamiz, – dedi.
Aytish mumkinki, Umar (r.a) o‘sha paytda musulmon olamining eng ulug‘ kishilaridan biri edi. Shunday bo‘lishiga qaramay, o‘z amalidan foydalanmadi. Fuqaroning e’tirozini eshitdi va unga izoh berdi. Bu holat nazarimizda, nafaqat rahbarning adolatini, balki oddiyligini ko‘rsatadi.
Bugun oramizda ayrim kishilarning mansab berilganda eski do‘stlarni unutishi, mol-dunyo kelganda nochorlarni eslamasligi ular e’tiqodining nochorligidandir. Rasululloh (s.a.v.)dan shunday hadis bor: “Qalbida zarracha kibri bor inson jannatga kirmaydi”.
Demak, kibru havo bizni nafaqat bu dunyoda, balki oxiratda ham sharafsiz qiladi.
Muhammadxon PO‘LATOV,
Urgut tumanidagi “Uzun” jome masjidi imom-xatibi.